O‘zbekiston chegarasida tunnel qaziganlar uchun jazo og‘irlashtiriladi
Jamiyat
−
14:20 769 3 daqiqa
O‘zbekiston chegarasida noqonuniy tunnellar qaziganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Senatning 19-yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Majlisda qayd etilishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda davlat chegaralarini muhandislik jihatidan mustahkamlash, chegara qo‘shinlarining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish hamda milliy xavfsizlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, transmilliy jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlari, xususan, davlat chegarasi orqali yerosti tonnellarini qurish va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgani qayd etilgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovning aytishicha, 2016-2025 yillar davomida davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti inshooti va tunnellar qurilgani aniqlangan.
“Eng tashvishlisi, ushbu tunnellar orqali mamlakatimizga bojxona nazoratidan yashirin holda juda katta miqdordagi tovarlar olib kirilgan. Jumladan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida aniqlangan tunnellar orqali 30 milliard so‘mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar, 137 turdagi tovarlar, 3,7 million AQSH dollari hamda 5 kilogramdan ortiq oltin yombilari mamlakatimizga noqonuniy ravishda olib kirilgan, deydi”, deydi Qutbiddin Burxonov.
Shuningdek, uning ma’lum qilishicha, 2023 yilda Andijon viloyatida aniqlangan 10-12 metr chuqurlikda qariyb 400-420 metr uzunlikda bo‘lgan elektr yoritish va havo almashinuv tizimi bilan jihozlangan yerosti tunnelli jinoiy guruhlar qanday darajada puxta tayyorgarlik ko‘rayotganligini ko‘rsatadi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksida davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, ana shunday noqonuniy inshootlardan foydalangan holda davlat chegarasini kesib o‘tganlik yoki kontrabanda jinoyatlari sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda insonparvarlik tamoyili ham o‘z ifodasini topgan. Xususan, birinchi marta ushbu turdagi qilmishni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan davlat organlariga noqonuniy tonnel haqida xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga faol ko‘maklashsa hamda uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar qurish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovchilari amalga oshirishi belgilanmoqda. Bu mazkur turdagi jinoyatlarni tezkor aniqlash va samarali tergov qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Muhokama davomida senatorlar mazkur qonun davlat chegarasi daxlsizligini mustahkamlash, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, milliy va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash hamda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlagan.
Senatorlar qonunni ma’qullagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu majlisda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi