Finlyandiya Rossiya bilan chegarada 200 kilometrlik tikanli sim tortdi

Olam

image

Finlyandiya umumiy uzunligi 200 km bo‘lgan chegara to‘sig‘ini qurishni yakunladi. Bu haqda Yle nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha qiymati 356 million yevroni tashkil etgan. To‘siq metall to‘rli devor, patrul xizmati uchun yo‘l, o‘rmondan tozalangan yo‘lak va texnik kuzatuv tizimidan iborat. U Laplandiyadan tortib Fin qo‘ltig‘i sohiligacha bo‘lgan 1300 kilometrdan ortiq uzunlikdagi chegaraning alohida uchastkalarini qamrab oladi.

Shuningdek, 21 avgust kuni Yle nashri 200 kilometrlik to‘siq to‘liq tiklangani, biroq pardozlash ishlari davom etayotgani haqida yozgan. To‘siq Fin qo‘ltig‘i sohilidan Laplandiyagacha bo‘lgan alohida uchastkalardan iborat: tikanli sim o‘rnatilgan metall to‘rli devor o‘rmonlar, dalalar, qoyali va botqoqlik hududlari orqali o‘tadi. Chegara bo‘ylab daraxtlar kesib tashlangan, yo‘l yotqizilgan va kuzatuv tizimi o‘rnatilgan, murakkab uchastkalarda esa ko‘prik konstruksiyalari va pontonlar ishlatilgan.

Qurilish taxminan ming nafar yer egalarining yerlariga ta’sir ko‘rsatgan. Ularga davlat 3 million yevroga yaqin kompensatsiya to‘lab bergan. Ulardan biri, Virolaxtidan bo‘lgan pensioner Raymo Yokela qarindoshi bilan birga to‘siq yo‘nalishi bo‘yicha ma’muriy sudga shikoyat qilgan, ammo yutqazgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilishdan so‘ng oilaviy dalalarni ijaraga berishdan olinadigan daromad kamaygan. Bu hududdagi yer XIX asrdan beri uning oilasiga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Kareliyada – Finlyandiya chegarasidan bor-yo‘g‘i bir necha o‘n kilometr uzoqlikda yangi harbiy shaharcha qurishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing