Japarov xalq dushmanlarini shafqatsiz jazolashga chaqirdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tashqi kuchlardan pul olib, mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotganlarni qattiq jazolashga chaqirdi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 29 avgust kuni Ala-Too maydonida SHHT sammiti va VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari xavfsizligini ta’minlashga jalb etilgan kuch tuzilmalarining garnizon ko‘rik-safi chog‘ida so‘z ochdi.

“Biz tashqi kuchlar ta’siriga berilib, ulardan pul olib, mamlakatni larzaga keltirmoqchi va aholi o‘rtasida vahima urug‘ini sochmoqchi bo‘lgan oramizdagi kam sonli xalq dushmanlarini qattiqqo‘llik bilan jazolashimiz kerak. Bundaylarga shafqat bo‘lmaydi”, deydi Sadir Japarov.

U mamlakat rivojlanishining asosiy sharti “temir intizom” ekanini ta’kidlab, kuch tuzilmalaridan yuqori professionallik va mas’uliyatni talab qilgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tadbirlar vaqtida jamoat tartibini saqlash uchun “Xavfsizlik” operatsiyasi boshlangan. Kuchaytirilgan rejimda xizmat o‘tashga Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, prokuratura, Soliq va Bojxona xizmatlari, Jazoni ijro etish davlat xizmati, Chegara xizmati va Sud departamentining 15 ming nafar xodimi jalb etilgan.

Qirg‘iziston rahbari kuch tuzilmalariga fuqarolar va xorijiy mehmonlar xavfsizligini ta’minlash, jamoat joylarida va tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslikni topshirgan. 

Shu bilan birga, u xodimlarni odamlar bilan xushmuomalada bo‘lishga va murojaat qilgan har bir kishiga tezkorlik bilan yordam berishga chaqirgan.

“Bunday alohida sharoitda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash shunchaki kundalik xizmat vazifasi emas, balki davlat ahamiyatiga ega katta mas’uliyatdir”, deydi Sadir Japarov.

Prezident, shuningdek, kuch tuzilmalariga yangi moddiy-texnik vositalar topshirilishini ma’lum qilgan. U ularning moddiy bazasi mustahkamlangani, xodimlarning ish haqi oshirilgani, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kengaytirilgani va raqamli texnologiyalar joriy etilganini eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov mamlakat yoshlarini ahil-inoqlikni saqlashga va o‘tgan yillardagi siyosiy va mansabdor shaxslarning xatolarini takrorlamaslikka chaqirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing