Polsha Rossiya va Belarus bilan chegaralarni yopmoqchi
Olam
−
18:46 456 1 daqiqa
Polsha zarurat tug‘ilsa, Rossiya va Belarus bilan barcha chegara o‘tish punktlarini yopishi mumkin. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari, Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Polsha xavfsizlik kuchlarida chegarani bloklash uchun zarur texnika, omborlar, fortifikatsiya inshootlari va mudofaa istehkomlari mavjud. Mamlakat sharqiy chegarasini 7-14 kun ichida to‘liq yopishi mumkin. Polsha zarurat tug‘ilganda chegarada foydalanish mumkin bo‘lgan bir necha ming dona mina ham sotib olmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu choralar 2024 yilda boshlangan “Sharqiy qalqon dasturi” doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur Rossiyaning Kaliningrad viloyati va Belarus bilan chegaradosh hududlarda mudofaa inshootlari, tanklarga qarshi to‘siqlar, kuzatuv va dronlarga qarshi tizimlarni yaratishni ko‘zda tutadi.
“Sharqiy qalqon” dasturi doirasida Polsha qariyb 700-800 kilometr uzunlikdagi sharqiy chegarasini mustahkamlamoqda. Loyiha uchun dastlab 10 milliard zlotiy (qariyb 2,6 milliard dollar) ajratilgan.
Polsha ushbu dastur orqali nafaqat chegarani himoyalash, balki Rossiya yoki Belarus tomonidan ehtimoliy hujum yuz berganda harbiylarning harakatlanishini qiyinlashtirish va sharqiy qanotdagi mudofaani kuchaytirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyul kuni Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan raketa va dron hujumlari vaqtida Rossiyaning X-101 raketalaridan biri Polsha havo hududiga kirib, mamlakat sharqidagi Lyublin viloyatiga qulagandi. Voqea sabab Polsha va NATO qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan.
Live
Barchasi