O‘zbekiston bo‘ylab matematikaga ixtisoslashtirilgan maxsus maktablar ochiladi
Jamiyat
−
08 may 2020
14234O‘zbekistonda maktabgacha yoshdagi bolalarda ilk matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, hududlarda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini rivojlantirish hamda yangi maktablarni tashkil etish ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda.
Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.
Ana shu qarorga muvofiq, 2020 yil 1 noyabrga qadar har bir tumanda (shaharda) matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar (Ixtisoslashtirilgan maktablar) bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablarda maktab direktori tegishli tuman (shahar) hokimining iqtisodiy va boshqaruv jarayonlariga matematik usullar va modellarni joriy qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi. Maktab direktori O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Institut direktori bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi
Matematika fani chuqurlashtirilib o‘qitiladigan sinflar bosqichma-bosqich, mavjud ehtiyoj va o‘quvchilarning qobiliyatidan kelib chiqib tashkil etiladi.
Ta’kidlanishicha, ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quvchilar belgilangan tartibda tanlov asosida saralab olinadi.
Shuningdek, matematika fani chuqurlashtirilib o‘qitiladigan sinf bitiruvchilari tegishli OTMlarning matematika ta’lim yo‘nalishlariga ular uchun belgilangan maqsadli parametrlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.
Qaror bilan xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ixtisoslashtirilgan maktablarda Institut va oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda masofaviy ta’lim orqali dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish ham belgilab berildi.
LiveBarchasi