O‘zbekiston bunday tizim bilan Jahon chempionatiga chiqa olmaydi – “Loko”ning portugaliyalik murabbiyi
Sport
−
23 Oktabr 2021
10245Toshkentning “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi Mikael Sekeyra “Qo‘qon-1912”ga qarshi kechgan uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan so‘ng (1:2), futbol rivojlanishi va O‘zbekiston MTJ Jahon chempionatiga chiqishi uchun Yevropa futbol assotsiatsiyasiga (UEFA) qo‘shilish kerakligini aytdi. O‘yin bugun, 23 oktyabr kuni Qo‘qon shahridagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tdi.
“Menimcha, O‘zbekiston futbolining yuqoriga ko‘tarilishi uchun bittagina yo‘l bor – UEFA’ga a’zo bo‘lish! To‘g‘ri, akademiyalar ochilyapti, ammo bu asosiy masalani hal qilib bermaydi. O‘zbekiston Osiyo miqyosida yuraversa, bunday tizim bilan hech qachon Jahon chempionatiga chiqa olmaydi. UEFA mamlakatlaridagi futbolchilarning bir-biriga mehri boshqacha bo‘ladi. Ular maydonda bir-birini urib, sindirmaydi. Faoliyatimni yakunlaganimda xafa bo‘lib ortga qaytaman. Nasib qilsa, bir oydan so‘ng, chempionat tugagach, uyimga jo‘nayman. O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar ko‘p. Lekin yaxshi hakamlar va akademiyalar ko‘paymasa, hamda Yevropa futbol assotsiatsiyasiga qo‘shilmasa, O‘zbekistonda Jahon chempionatiga chiqish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q. Bu yerning odamlar juda yaxshi. Ammo bunday tizim bilan futbol pastga qarab cho‘kaveradi”, deydi Sekeyra.
Shuningdek, portugaliyalik mutaxassis hakamlarni keskin tanqid qildi:
“Futbolchilar o‘yinning natijasidan xafa bo‘lishdi. Chunki, bugungi hakam uch marta bizning ishtirokimizdagi o‘yinni boshqargan bo‘lsa, har uchalasida ham mag‘lubiyatga uchraganmiz. Yodingizda bo‘lsa, “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinning oxirgi daqiqasida to‘p uchun o‘ynalgan vaziyatda penalti belgilagandi. O‘shanda raqib 3:2 hisobida g‘alaba qozonib ketgan. Bugungi hakamlikdan o‘zim ham qattiq xafaman. Portugaliyadan kelib hayotim davomida bu darajadagi hakamlikni ko‘rmaganman”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston superligasining 22-turidan so‘ng, “Paxtakor” o‘z tarixida 14-marta chempionlikka erishgan edi.