O‘zbekiston Braziliyadan harbiy samolyot sotib oladi
Jamiyat
−
03 fevral 4518 2 daqiqa
O‘zbekiston Braziliyaning Embraer kompaniyasidan C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlarini sotib oladi. Bu haqda bugun, 3 fevral kuni Singapurda bo‘lib o‘tgan aviashouda kompaniya tomonidan rasman e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari C-390 samolyotlaridan asosan transport va gumanitar missiyalarda foydalanadi, bu esa ularning imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi. Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi harbiy transport aviatsiyasi bozorida tub burilish yasayotgan ushbu samolyotni ekspluatatsiya qiladigan Markaziy Osiyodagi ilk davlatga aylanadi.
“Transport imkoniyatlarini modernizatsiya qilayotgan O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlarini C-390 operatorlari safiga rasman qabul qilayotganimizdan mamnunmiz. Markaziy Osiyodagi yetakchi harbiy-havo kuchlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning ushbu tanlovi biz uchun katta sharaf. Mazkur samolyotning mukammal ishlashini ta’minlash uchun ular bilan yaqin hamkorlikda ishlaymiz”, deydi Embraer Defense & Security prezidenti va bosh direktori Bosko da Kosta Junior.
Ma’lumot uchun, XXI asrda ishlab chiqilgan C-390 Millennium o‘z sinfidagi eng zamonaviy harbiy transport samolyoti bo‘lib, boshqa o‘rta toifadagi harbiy transport samolyotlariga nisbatan ko‘proq yuk (26 tonnagacha) tashiy oladi, tezroq va uzoqroq masofaga ucha oladi. U yuk va shaxsiy tarkibni tashish, texnika va harbiy xizmatchilarni parashyut orqali tashlash, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv, yong‘inlarni o‘chirish hamda gumanitar operatsiyalar kabi keng ko‘lamli vazifalarni bajara oladi. Samolyot vaqtinchalik yoki qoplamasiz uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalana oladi. Tez o‘rnatiladigan havo-havoga yoqilg‘i quyish uskunalari bilan jihozlangan KC-390 konfiguratsiyasida u ham yonilg‘i quyuvchi tanker, ham yonilg‘i qabul qiluvchi samolyot sifatida ishlay oladi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral