Qozog‘istonda qulagan samolyotning qora qutisi Braziliyaga yetkazildi
Olam
−
04 yanvar
7441Qozog‘istonda halokatga uchragan Embraer samolyotining qora qutilari tahlil qilish uchun Braziliyaga yetkazildi. Bu haqda Braziliyaning g1 gazetasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aeronavtika bo‘yicha mutaxassislar o‘tgan yilning 25 dekabr kuni Qozog‘istonda halokatga uchragan samolyotning qora qutilaridagi ma’lumotlarni tahlil qilishni boshlagan. Shuningdek, Braziliya tergov ishlariga hamkorlik qilayotgani ham qo‘shimcha qilingan.
“Qozog‘istondan uch nafar tergovchi, shuningdek, Ozarbayjon va Rossiya agentlari havo halokatlarini tekshirish va oldini olish markazida yig‘ildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, texnik xodimlar qora qutilardan ma’lumotlarni ajratib olish va tahlil qilish ustida ishlamoqda, ularda uchuvchilarning ovoz yozuvlari va samolyotning qulashigacha bo‘lgan holati haqidagi ma’lumotlar mavjud.
Qozog‘iston mas’ul bo‘lgan Braziliya tahlili tergovning yakuniy hisobotida e’lon qilinadi.
“Texnik ma’lumotlar favqulodda qo‘nish vaqtida yuzaga kelgan nosozliklar, shuningdek, Bakudan Ozarbayjonga uchgan Ozarbayjon havo yo‘llari reysi yo‘nalishidagi o‘zgarishlarni tushuntirishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan Embraer 190 samolyotining bort yozuvlari (qora quti) tahlil qilish uchun Braziliyaga yuborilishi xabar qilingandi. Chikago konvensiyasiga ko‘ra, aviatsiya hodisasi bo‘yicha tergovni amalga oshiruvchi mamlakat qora qutini tahlil qilish uchun davlat tanlash huquqiga ega. Uni Braziliyaga yuborish qarori Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tavsiyalari, shuningdek, Rossiya va Ozarbayjon bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida qabul qilingan.
Bildirilishicha, mazkur qaror qora qutini tahlil qilish jarayonining yuqori darajada ishonchliligini va samolyot ishlab chiqaruvchisi tajribasidan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi. Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi