Aqtaudagi aviahalokatning yakuniy xulosasi qachon e’lon qilinishi aytildi
Olam
−
19 fevral
2891O‘tgan yilning 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida sodir bo‘lgan Embraer samolyotining halokati bo‘yicha yakuniy hisobot shu yilning dekabrigacha e’lon qilinadi. Bu haqda bugun, 19 fevral kuni Qozog‘iston Transport vaziri o‘rinbosari Talgat Lastayev hukumatdagi brifing chog‘ida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro talablardan kelib chiqib, so‘nggi natijalar bir yil ichida e’lon qilinadi.
“Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) talablari, standartlari va tavsiya etilgan amaliyotiga ko‘ra, tergovga bir yil vaqt ajratilgan. Shunga ko‘ra, tergov bo‘yicha yakuniy hisobot shu yilning dekabriga qadar tayyor bo‘lishi kerak”, degan Lastayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ICAO Bosh kotibi va Prezidenti avariya bo‘yicha taqdim etilgan dastlabki hisobot sifatini yuqori baholagan.
“Aviatsiyadagi standartlar va qoidalarni tartibga soluvchi asosiy tashkilot ICAO hisoblanadi. Yaqinda, bir hafta oldin Abu-Dabida global voqealar bo‘lib o‘tdi. Ular doirasida ICAO Bosh kotibi va Prezidenti bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ular Qozog‘iston tomonidan e’lon qilingan dastlabki hisobot darajasi va sifatini yuqori baholab, faktlarning aniq taqdim etilishi, ma’lumotlarning batafsil va to‘liqligini ta’kidladi”, degan vazir o‘rinbosari.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Keyinchalik Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevdan 2 marta kechirim so‘raganini ma’lum qildi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel