Prigojin portladi. Bunda Putinning qo‘li bormi?

Olam

Joriy yilning 23 avgustidan 24 avgustiga o‘tar kechasi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) asoschisi Yevgeniy Prigojin va guruh qo‘mondonlaridan biri Dmitriy Utkin borligi aytilayotgan Embraer biznes jeti portlatib yuborildi. Xalqaro hamjamiyatning fikricha, Prigojin isyonidan roppa rosa ikki oy o‘tib yuz bergan ushbu “baxtsiz hodisa” orqali Rossiya elitasi boshqa “potensial isyonchilarga” ba’zi narsalarni tushuntirmoqchi bo‘lgan. Biroq ushbu halokat sabablari va u qanday sodir bo‘lgani aniq emas. Tekshiruvlar davom etmoqda. Ko‘plab siyosiy ekspertlar esa bu halokat tasodifan sodir bo‘lmaganini ta’kidlamoqda. Xo‘sh, Prigojin “baxtsiz hodisa” qurbonimi yoki bu Putinning qasosi? 

Hozirgacha ma’lum bo‘lgan tafsilotlar

23 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:00 dan keyin rus Telegram kanallarida Yevgeniy Prigojinga tegishli Embraer Legacy 600 samolyoti portlagani aks etgan videolar chiqa boshladi. Aytishlaricha, samolyotda 10 kishi (7 ta yo‘lovchi va 3 ta ekipaj a’zosi) bo‘lgan. Ba’zi manbalar o‘sha vaqtda samolyotda Prigojinning o‘zi ham bo‘lgan, deya xabar bergan bo‘lsa, ba’zilar (masalan “Readovka” nashri) buni inkor etdi. Xuddi shu vaqtda Prigojinga tegishli boshqa samolyot Moskvaga qo‘ngan edi. Tongda chiqqan xabarlarning deyarli barchasi Prigojinning samolyotda bo‘lganini tasdiqladi. Hatto, “Rossiya 24” telekanali ham Prigojinning halok bo‘lganini o‘z efirida aytib chiqdi.

Rossiya Federal havo transporti agentligi ma’lumotiga ko‘ra, halokatga uchragan yo‘lovchilarni keltirib o‘tamiz:

1. Yevgeniy Prigojin (62 yosh). “Vagner” XHK asoschisi. U Baxmutda ko‘plab ukrainaliklarni qirib tashlagan, bir muddat oldin esa Moskva qarshi yurishi bilan tilga tushgandi.

2. Dmitriy Utkin (53 yosh). “Vagner” XHK qo‘mondoni. Ilgari u podpolkovnik unvoniga ega bo‘lgan Bosh razvedka boshqarmasi maxsus kuchlari ofitseri sifatida xizmat qilgan.
3. Valeriy Chekalov (47 yosh). Prigojinning “Vagner” XHKdagi o‘rinbosari. Ilgari tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. 2023 yilning iyul oyida u Prigojin bilan aloqalari uchun AQSH sanksiyalari ostida qolgan.

4. Yevgeniy Makaryan (38 yosh). “Vagner” XHK jangchisi. Ehtimol, Prigojinning qo‘riqchisi.

5. Sergey Propustin (44 yosh). Razvedkachi, ehtimol, Prigojinning shaxsiy qo‘riqchisi bo‘lgan.

6. Aleksandr Totmin (30 yosh). Sudandagi harbiy harakatlarda qatnashgan. “Vagner” XHK jangchisi. Ehtimol, Prigojinning qo‘riqchisi.

7. Nikolay Matuseyev. Suriyada jang qilgan hujumchi bo‘linmasining sobiq jangchisi.

Ekipaj:

8. Aleksey Levshin (51 yosh). Embraer samolyot komandiri. Voronejda tug‘ilgan. Oilali, ikki nafar farzandi bor.

9. Rustam Karimov (29 yosh). Ikkinchi uchuvchi. Uning o‘limini otasi ham tasdiqlagan. Parvoz oldidan onasiga qo‘ng‘iroq qilib, shu reysda uchayotganini aytgan.

10. Kristina Raspopova (39 yosh). Bort kuzatuvchisi.

Halokat tafsilotlari
 
23 avgust kuni Yevgeniy Prigojinga tegishli Embraer biznes-jeti Rossiyaning Moskva shahridan Sankt-Peterburgga uchib ketayotgan vaqt Tver viloyatida portlatib yuborilgan. Samolyotdagi 7 nafar yo‘lovchi va uch uchuvchining barchasi halok bo‘lgani ham o‘sha vaqtda tasdiqlandi. 

“Vagner”ga bog‘liq ko‘plab Telegram kanallarining yozishicha, samolyot Rossiya harbiylari tomonidan urib tushirilgan. 

“Meduza” nashrining yozishicha, videolardan birida zenit-raketa tizimlarining izi ko‘rinib turibdi. Nashrning aytishicha, samolyotning portlagan qoldiqlarida zenit-raketa tizimlari orqali zarba beriligandagi elementlarning izlarini videolardan birida ko‘rish mumkin.

Biroq Flightradar 24 xizmati esa halokatga ichki portlashni asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda. Saytning ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot portlashdan oldin 9 daqiqa davomida 8,7 km balandlikda uchgan. Qulashdan oldin esa samolyot o‘zining maksimal, ya’ni 9,1 km balandligiga chiqqan. Keyin 8,3 kmgacha pastlab, yana 8,9 km balandlikka ko‘tarilgan. So‘ng esa qulashni boshlagan. Shu bilan birga, samolyot qulagungacha aniq joyni Flightradar 24 servisiga jo‘natolmagan bo‘lsa ham, tezlik, balandlik, vertikal harakat va avtopilot haqida ma’lumotlarni yetkazib berib turgan. Shu sababdan aytish mumkinki, halokatga samolyotdagi ichki portlash ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 

Portlashda Putinning qo‘li bormi?

Iyundagi Moskvaga yurishdan keyin, shunisi aniqki, Prigojin Putin uchun ancha xavfli odamga aylanib ulgurgan edi. Garchi yurish Moskvagacha yetib bormagan bo‘lsa ham, bir kun davomida mamlakatda katta rezonans uyg‘otgandi. Yurish davomida Rossiya aholisining “Vagner”chilarga moddiy yordam berishi Putinni qo‘rqitib qo‘ygan bo‘lsa ham ajab emas. Shu sabab Prigojin Vladimir Putin uchun Baxmutdagi xizmatidan so‘ng o‘z funksiyasini bajarib bo‘lgan. Ya’ni joriy yilning may oyida Prigojinning Putin oldidagi xizmatlari tugagan, iyundagi marsh esa go‘yoki olovga moy sepgandi. Shu sabab Putinning Prigojindan qutilishi muqarrar bo‘lib ulgurgan hodisa cifatida ko‘rilishi mumkin. Biroq Moskvaga yurishdan keyin Prigojinga berilgan yashash uchun imkoniyat faqat ikki oyga yetdi.
Amerika Urushni o‘rganish institutining (ISW) yozishicha, bu portlashda aniq Putinning qo‘li bor. 

“Rossiya armiyasi vakillari, xususan, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va armiya shtab boshlig‘i general Valeriy Gerasimov Putinning buyrug‘isiz Prigojinni yo‘q qilishlari dargumon”, deya fikr bildirdi Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari. 

Institut endilikda butun siyosiy jarayon bilan bog‘liq voqealarni “Putin Prigojinni o‘ldirishga buyruq bergan”, degan taxmin asosida baholashini ta’kidladi.

ISW’ning Prigojin o‘ldirilishiga oid mumkin bo‘lgan sabablar haqidagi mulohazalari boshqa siyosiy kuzatuvchilarning fikriga to‘g‘ri keladi. Hisobot mualliflari, xususan Putin Prigojinning “Vagner”dagi obro‘siga yetarlicha putur yetgani va kompaniyaning o‘zi bo‘linib, zaiflashib, unga jiddiy muammolar bilan tahdid qila olmaydigan darajada ekanini bilgan. 

Surovikinning ishdan bo‘shatilishi

Prigojinning halokatga uchragani haqida xabarlar tarqalganidan bir necha soat o‘tib, “Vagner” rahbariga yaqin ekani aytiladigan Sergey Surovikin ishdan bo‘shatildi.

Rossiya aerokosmik kuchlari rahbari Sergey Surovikinning ishdan bo‘shatilishi ham Prigojinning hali tasdiqlanmagan o‘limi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki 2023 yil may oyidan beri uning “Vagner” bilan aloqasi haqida juda ko‘p mish-mishlar yuradi. Xususan, CNN nashrining manbalariga ko‘ra, u 2018 yildan beri “Vagner” guruhi a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Rus mediasi esa uni Rossiya Mudofaa vazirligidagi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi manfaatlari ifodachisi deb biladi. 

Iyundagi yurishdan so‘ng u jamoatchilikka ko‘rinmay qoldi. Kremldagi shaxslar va “Readovka” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, u Prigojinning qurolli to‘qnashuvga urinishidan keyin mehnat ta’tiliga chiqqan.

Amerika urushni o‘rganish institutining ma’lumotlariga ko‘ra, uning ishdan bo‘shatilishga asosiy sabab aynan Prigojinning hali tasdiqlanmagan o‘limi bo‘lishi mumkin. Rus elitasining Prigojin o‘limiga shunchalik ishonchi komilki, uning Kremldagi “vakillarini” hozirdan ishdan bo‘shatish boshlandi. Hozirdan taxmin qilish mumkinki, “Vagner” XHKning ta’siri bundan keyin Rossiyada va Kremlda yo‘qqa chiqarilishi mumkin. 

Dmitriy Utkin kim?

Portlashdan so‘ng rus mediasi Prigojin bilan birga Dmitriy Utkinga ham alohida urg‘u bermoqda. Xo‘sh, Dmitriy Utkin kim?

Utkin “Vagner” XHK asoschilaridan biri bo‘lib, Suriyadagi krizisda ancha nom qozongan. U 2013 yilda harbiy xizmatni tark etgach, Suriyaga Slavyan korpusi missiyasi a’zosi sifatida yuborilgan va halokatli missiyadan omon qolgan. 

U Suriyadan Rossiyaga qaytgach, “Vagner” guruhiga asos solgan. Shundan keyin u tuzgan “Vagner” guruhi Qrimda, Donbassda va Luganskda rossiyaparast ayirmachilar safida jang qilgan. 2022 yil esa Prigojinning guruhga aralashishi ortidan “Vagner” katta xususiy harbiy kompaniyaga aylandi. 

Portlashga qanday munosabat bildirilmoqda?

Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gareshchenko:

“Prigojin bu samolyotda yolg‘iz bo‘lganmi yoki [Prigojinning “o‘ng qo‘li”, “Vagner” komandiri Dmitriy Utkin bilan birga bo‘lganmi, bu muhim emas. Bir narsa aniq: Prigojinni [Vladimir] Putin yo‘q qildi. U xiyonatni, shuningdek, “oshpaz” isyoni paytida boshdan kechirgan xo‘rlik va qo‘rquvni takror kechirmoqchi emas edi.

Samolyot Rossiya havo mudofaasi tomonidan urib tushirilganmi yoki ichkaridan portlatilganmi yoki texnik nosozlik bo‘lganmi – bu faqat Putin manfaati uchun qilingani ko‘rinib turibdi. Prigojinning davlat to‘ntarishini qo‘llab-quvvatlagan general-polkovniklar [Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari va Rossiya Federatsiyasi Aerokosmik kuchlari qo‘shma guruhining sobiq qo‘mondoni Sergey] Surovikin va [General-polkovnik Mixail] Mezensev, sizlar ham tayyor turing!”

Shuningdek, Prigojin tuzilmalari bilan bog‘liq ofitser Roman Saponkovning aytishicha, bu portlash armiyadagi kayfiyatni tushirib yuborishi ham mumkin. 

Putinning bu jarayonda qanchalik o‘rni borligi noma’lumdir, biroq uning keyingi rejalarida Prigojin bo‘lmaganligining ehtimoli yuqori.

Qolaversa, Rossiyadagi bu to‘polonni Bayden ham eshitmay qolmadi. Unga bu xabarni yetkazishdi. Ammo AQSH Prezidenti Jo Baydenda yo‘lovchilar ro‘yxatida Yevgeniy Prigojin bo‘lganmi yoki bo‘lmaganmi bu haqda aniq ma’lumotlar yo‘q. Agar bo‘lgan taqdirda ham u sodir bo‘lgan voqeadan hayratga tushmasligini bildirdi.

“Men Prigojin bilan nima bo‘lganini aniq bilmayman. Lekin hayron emasman. Rossiyada Putin aloqador bo‘lmagan narsa juda kam. Ammo menda aniq javobni bilish uchun yetarlicha ma’lumot yo‘q”, degan sovuqqonlik bilan Bayden jurnalistlarga.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson ham Prigojinning o‘limi haqidagi xabarlar tasdiqlansa, hech kim ajablanmasligi kerakligini aytgan.
Ukraina Prezidentining maslahatchisi Mixail Podolyak esa X ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan postida shunday yozgan:

“Ko‘rinib turibdiki, Putin o‘zining hayvoniy terrorida hech kimni kechirmaydi. Davlat to‘ntarishiga urinishdan ikki oy o‘tib, Prigojin va “Vagner” jamoasining namoyishkorona tarzda yo‘q qilinishi Putinning 2024 yildagi saylovlar arafasida Rossiya elitasiga bergan ishorasidir: “Ogoh bo‘ling! Xiyonat o‘limga tengdir”.

Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas ham OAVdagi chiqishida “Vagner” samolyoti halokatiga Putinning aloqadorligini istisno etmagan.

“Agar bu rost bo‘lsa, bu Putin raqiblarini yo‘q qilayotganini ko‘rsatadi. Putindan farqli fikr bildirishni o‘ylaydigan har qanday odamni qo‘rqitadi”, deydi Kallas.

Britaniya parlamenti qo‘mitasi raisi Alisiya Kerns ham X ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirib, samolyot halokatiga Rossiya hukumati aloqador ekaniga ishora qilgan.

“Rossiya hukumatining Yevgeniy Prigojin halokatga uchragan samolyotda bo‘lganini tasdiqlash tezligi bizga bilishimiz kerak bo‘lgan hamma narsani aytib beradi”, deydi u.

Kernsning so‘zlariga ko‘ra, “Vagner” samolyoti Rossiya havo mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqidagi xabarlar Putin o‘z dushmanlariga juda baland signal berganidan dalolat beradi.\

Polsha Tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau davlat telekanaliga bergan intervyusida Prigojin bortida bo‘lgan samolyot halokatini tasodif deb aytish “juda qiyin” ekanini aytgan.

“Vladimir Putin o‘z hokimiyatiga tahdid deb hisoblagan siyosiy raqiblari tabiiy ravishda o‘lmaydi”, degan Rau.

Yevropa siyosatini tahlil qilish markazi eksperti Pavel Luzin ham Prigojin bilan bo‘lgan voqea Rossiya elitasi birlashmasligi, Kreml ichidagi qarama-qarshiliklar kuchayib borayotganidan darakligini aytgan.

“Rossiya rahbariyatidagi turli bo‘linmalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish haqiqatan ham yomon. Axir, agar Vladimir Putin shunchalik qudratli bo‘lsa, nega Prigojinni qamoqqa olmadi?” deydi u.

Rus jurnalistlari esa Prigojinning o‘lganini aytishdan nariga o‘tgani yo‘q, hozircha. Shuningdek, Putinning yonidagi hamroh siyosat vakillari ham jim. Putinning bu qahri ularni ham dahshatga solgan bo‘lsa ajabmas.

Shuningdek, 24 avgust sanasining o‘zida Prigojinning jasadi Tverdagi o‘likxonada aniqlandi. Bu haqda manbasiga tayanib, “Fontanka” xabar bergan.

Qayd etilishicha, xususiy samolyot halokatida qurbon bo‘lganlarning jasadlari Tver viloyati o‘likxonasiga yetkazilgan. Biroq jasadlar tabiiy ofatdan keyin jiddiy zarar ko‘rgani uchun ularni vizual aniqlash imkoni bo‘lmagan. Bilvosita dalillarga tayanilganda esa mutaxassislar Prigojin o‘lganlar orasida bor ekanini aytgan.

Shuningdek, “VCHK-OGPU” Telegram kanali Prigojinning jasadi o‘likxonada rasman tanilgani, uni “Vagner” komandirlaridan biri aniqlaganini yozgan. 

“Asosiy belgi barmoqning yo‘qligi edi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, o‘likxonada “Vagner”ning ikkinchi qo‘mondoni Dmitriy Utkinning jasadi ham tanib olingan. U bo‘yi va tatuirovkalari bilan aniqlangan.

Aniq ma’lumotlar esa mutaxassislar halok bo‘lganlarning jasadlarini mukammal sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazganidan keyingina e’lon qilinadi.

Ammo ekspertiza natijalari hali e’lon qilinmay turib, Rossiya rahbari Vladimir Putin ta’ziya izhor etib chiqdi. U Prigojin haqida gapirar ekan, uning hayoti davomida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qistirib o‘tgan.

“Aviatsiya halokatiga kelsak, birinchi navbatda, barcha qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiraman. Bu har doim fojia. Hozir ekspertiza o‘tkazilmoqda: texnik ekspertizalar, genetik. Bu biroz vaqt talab etadi”, dedi Rossiya rahbari tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi rahbari Denis Pushilin bilan uchrashuvda. 

Prigojinning o‘limida Putinning qo‘li borligi haqidagi gaplarning bolalashiga Rossiya Prezidentining bir muddat oldingi bayonotlari ham sabab bo‘lmoqda. Putin avvalroq Prigojinning Moskvaga yurishini ichki xiyonat deb atab, xiyonatchilarni aslo kechirmasligini aytgan edi. 

Avazbek Mo‘ydinov


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Vagner Bayden Prigojin Dmitriy Utkin Embraer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made