Ozarbayjon samolyoti qulagan joyga yodgorlik o‘rnatildi (video)
Olam
−
24 may
5298O‘tgan yilning 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Embraer samolyoti halokatga uchragan joyga yodgorlik o‘rnatildi. Bu haqda “Lada.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fojia yuz bergan joyda o‘rindiqlar va gul qo‘yilgan to‘siqlar paydo bo‘lgan.
Nashr tomonidan e’lon qilingan videoda ko‘rish mumkinki, ushbu joyga kelib, o‘tirib halok bo‘lganlarni yod etish imkoni yaratilgan.
Tupkarag‘an tumani hokimligiga ko‘ra, kichik memorial maydon tashkil etilishi faollar – mintaqa aholisi tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Barchasi halok bo‘lganlarni xotirlash maqsadida shaxsiy tashabbuslar asosida bajarilgan.
“Bu – loqayd bo‘lmagan aholi tashabbusi. Ular memorialni o‘z mablag‘lari hisobidan qurishga qaror qilishdi va halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Davlat byudjetidan bu loyihaga mablag‘ ajratilmagan”, deyiladi hokimlik xabarida.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidladi.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Keyinchalik Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevdan 2 marta kechirim so‘raganini ma’lum qildi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi