O‘zbekiston Baydenning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasini qo‘llab-quvvatladi
Jamiyat
−
05 iyun
3424O‘zbekiston AQSHning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlarni ozod qilish va tinch hayotni tiklash bo‘yicha tashabbusini olqishlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lum qildi.
"Biz G‘azo sektorida tinch aholi, ayniqsa ayollar va bolalar qurbonlari bo‘lgan to‘qnashuvlarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Bu holat bizni chuqur xavotirga solmoqda. O‘zbekiston mojarolarni faqat tinch yo‘l va barcha mavjud diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori.
Shu munosabat bilan inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Biz barcha mamlakatlarning harakatlarini, jumladan, AQSHning o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlarni ozod qilish va tinch hayotni tiklash bo‘yicha tashabbusini olqishlaymiz.
Biz barcha tomonlarni vazminlikka, xalqaro huquqni hurmat qilishga, zo‘ravonlikni oldini olishga va tinch aholi orasida qurbonlar sonining yanada ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz", deydi TIV matbuot kotibi.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Jo Bayden 31 may kuni G‘azo sektori atrofidagi taranglikni bartaraf etish bo‘yicha uch bosqichli rejani taqdim etdi. Unga ko‘ra, birinchi bosqich olti hafta davom etadi, u to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni, Isroil qo‘shinlarini G‘azoning barcha aholi punktlaridan olib chiqib ketishni, bir qator garovga olinganlarni, jumladan, ayollar, qariyalar, yaradorlarni, shuningdek, falastinlik yuzlab mahbuslarni ozod qilishni o‘z ichiga oladi..
Olti haftalik sulh davomida Isroil va HAMAS harakati kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan shartlarni muhokama qilishi kutilmoqda. Bitimning ikkinchi bosqichi “barcha tirik qolgan garovga olinganlarni, shu jumladan erkak askarlarni ham ozod qilish”, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketish va “doimiy o‘t ochishni to‘xtatish”ni o‘z ichiga oladi. Kelishuvlarning uchinchi bosqichida G‘azo sektorini qayta tiklash ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi