O‘zbekiston Afg‘onistonda 6 mln dollarga madrasa qurishni boshladi
Jamiyat
−
24 avgust
5459Afg‘onistonning Balx viloyatida O‘zbekiston tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgan madrasa qurilishi boshlandi. Bu haqda “Tolonews” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, madrasa 0,6 gektar maydonda joylashadi va u yerda 1000 nafar talabaga diniy ta’lim berish rejalashtirilgan. Joriy yilning 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan qurilishni boshlash marosimida Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Nurul-Xodiy Abu Idris va O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Bosh konsuli Farhod Nazarov ishtirok etdi.
Bosh konsulning ma’lum qilishicha, madrasa qurilishiga 6 million dollar sarflanadi.
“Bu diniy maktab Balx hokimining iltimosiga binoan qurilmoqda. Biz bu loyihaga bir yil vaqt ajratdik, shu vaqtgacha u tugallanadi”, deydi Nazarov.
Bosh konsul, shuningdek, O‘zbekiston tez orada Afg‘oniston fuqarolari uchun ta’lim va biznes vizalarini berishni qaytadan boshlashini qo‘shimcha qildi.
“Ushbu madrasaning tashkil etilishi Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi”, deydi Balx viloyati ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Abdujalil Shahidxil.
Ma’lumot uchun, madrasaning qurilishi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Baxtiyor Saidov va “Tolibon” yetakchilari o‘rtasida joriy yilning 12-13 mart kunlari bo‘lib o‘tgan muzokaralar doirasida kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 iyul kuni Afg‘onistonning Qobul shahrida mamlakat oliy ta’lim vaziri vazifasini bajaruvchi shayx ul Hadis Mavlaviy Nida Muhammad Nadem O‘zbekistonning Kobuldagi elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yaxshilash masalalarini muhokama qilgandi. Uchrashuvda Muhammad Nadem O‘zbekiston Afg‘onistonga turli sohalarda, xususan, oliy ta’lim sohasida hamisha sidqidildan yordam berib kelayotgan davlatlardan biri ekanini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi