“Tolibon” Balxdagi teraktda tojikistonliklarning ishtirokini aniqladi
Olam
−
27 mart 2023
9689Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 9 mart kuni Afg‘onistonning Balx viloyati gubernatori ma’muriyat idorasida xudkush tomonidan sodir etilgan portlashda halok bo‘lgan edi. “Tolibon” harakatining bosh razvedka boshqarmasi mazkur teraktda Tojikiston fuqarolari ishtirok etganini da’vo qilmoqda. Bu haqda bugun, 27 mart kuni boshqarmaning Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilindi.
“Faryob viloyatida operatsiya o‘tkazildi, natijada Balx viloyati hokimiga hujumga aloqador bo‘lgan barcha guruh a’zolari qo‘lga olindi. Ushbu operatsiya davomida guruh a’zolari Tojikiston fuqarolari bo‘lib, yaqinda hujumni amalga oshirish uchun Afg‘onistonga jo‘natilgani isbotlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Tolibon” harakati razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlarining Balx viloyatida o‘tkazgan navbatdagi operatsiyasi davomida ISHIDning “Xuroson” guruhi yetakchilari bo‘lgan uch nafar a’zosi ham yo‘q qilingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qobuldagi masjidda portlash uyushtirgan ISHID terrorchilik guruhining asosiy a’zosi Asad Lag‘moniy “Tolibon” harakati xavfsizlik kuchlari tomonidan yo‘q qilingandi.
LiveBarchasi