O‘zbekiston Ar-Riyoddagi aeroportga qilingan hujumni qoraladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumni qat’iy qoraladi. Bu haqda bugun, 11 oktyabr kuni TIV bayonot berdi.

Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyod shahridagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga husiylar tomonidan amalga oshirilgan, begunoh insonlarning halok bo‘lishi va tinch aholi vakillarining jarohatlanishiga olib kelgan mudhish hujumdan chuqur qayg‘uda ekanini bildirgan va ushbu hujumni qat’iy qoralagan.

Shuningdek, vazirlik halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirib, ushbu fojiali voqea oqibatida jabrlanganlarga chuqur hamdardlik izhor etgan. Shu bilan birga, jarohatlanganlarning tezroq va to‘liq sog‘ayib ketishini tilagan. O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.

“Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi ob’ektlariga hujumlar xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi hisoblanadi va bunday harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi shart”, deyiladi bayonotda.

TIV tinch aholi hayotini himoya qilish va muhim infratuzilma ob’ektlari xavfsizligini ta’minlash so‘zsiz ustuvor vazifa bo‘lib qolishi lozimligini ta’kidlagan. Shuningdek, O‘zbekiston bunday hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, barcha tomonlarni vazminlik ko‘rsatishga va keskinlikning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslikka undagan.

Vazirlik kelishmovchiliklarni xalqaro huquq normalari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq, muloqot hamda diplomatik vositalar orqali hal etishga chaqirgan.

O‘zbekiston Saudiya Arabistoni xalqi va hukumati bilan birdamligini bildirib, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 oktyabr kuni Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga hujum qilgani haqida xabar berilgan edi. Hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, yana 309 kishi yaralangan. Bu Saudiya Arabistonida so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida eng ko‘p qurbon berilgan hujum bo‘lgan. Shuningdek, Uzbekistan Airways Saudiya Arabistonidagi aeroportga qilingan hujumga qaramay, Toshkentdan Jidda va Madinaga amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar tasdiqlangan jadval asosida bajarilayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing