O‘zbekiston Afg‘onistondan 1 million tonna ko‘mir olmoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Afg‘onistondan bir million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Afg‘onistonning "Tolibon" boshchiligidagi muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan bayonotda so‘z borgan. 

Gap shundaki, joriy yilning 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev boshchiligidagi delegatsiyasi Afg‘onistonga borib, Tashqi ishlar vaziri Mavlaviy Amirxon Muttaqiy bilan muzokaralar o‘tkazgan. 

Uchrashuvda ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy aloqalar, mintaqaviy aloqalar, tranzit loyihalari, qo‘shma sarmoyaviy imkoniyatlar hamda Afg‘oniston va O‘zbekistonning mintaqadagi tranzit roli muhimligi qayd etilgan.  

Avvaliga O‘zbekistonni siyosiy va iqtisodiy sohalarda qo‘llab-quvvatlayotgani uchun yuksak qadrlar ekan, Tashqi ishlar vaziri Muttaqiy bu kabi hamkorlikni davom ettirish va kengaytirishga alohida e’tibor qaratgan. 

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov samimiy qabul uchun Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorlik bildirib, bu gal delegatsiyaga xususiy sektor, jumladan temiryo‘l, geologiya va tog‘-kon sanoatidan iborat kuchli texnik guruh hamrohlik qilayotganini aytib, O‘zbekiston Afg‘onistonning mintaqada tranzit markazi bo‘lishga intilish siyosatini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

Mahkamov Afg‘oniston-Trans loyihasini amaliy boshlash va amalga oshirish uchun muhandislar guruhi bilan kelganini, bir necha haftadan so‘ng Afg‘onistonga Afg‘oniston temiryo‘li qurilishi uchun uskunalar bilan yana bir delegatsiya kelishini qo‘shimcha qilgan. 

Bundan tashqari, geologiya va konlar texnik guruhi Afg‘onistonda neft va gazni qidirish va qazib olish, shuningdek, boshqa imkoniyatlarni o‘rganish bo‘yicha Afg‘oniston Kon va neft vazirligi mas’ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. 

O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili Ismatilla Ergashev yaqinda ro‘y bergan suv toshqinlari va qurbonlar uchun hamdardlik bildirib, O‘zbekiston birodar va qo‘shni sifatida qo‘lidan kelgancha yordam berishini aytgan. Uning bildirishicha, O‘zbekiston Afg‘oniston Islom Amirligining mintaqada iqtisodiy farovonlikka erishish uchun iqtisodiyotni siyosiylashtirmaslik kerakligi haqidagi bayonotini qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Bundan tashqari, u Afg‘onistondan bir million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olish uchun yaqin kunlarda texnik guruh Qobulga kelishini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, Ergashevga ko‘ra, yaqin orada Mozori Sharifda Imom Al-Buxoriy madrasasi qurilishini boshlash uchun muhandislar guruhi Afg‘onistonga boradi. 

Qolaversa, Prezidentning maxsus vakili O‘zbekiston Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi bilan tarixiy maskanlar va ziyoratgohlarni qurish va ta’mirlashda hamkorlik qilishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing