O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradagi mashqlarda rus dronlaridan foydalangan — OAV

Jamiyat

image

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Afg‘oniston bilan chegara yaqinida o‘tkazilgan Rossiya bilan qo‘shma mashg‘ulotlari doirasida Rossiya tomonidan tayyorlangan dronlar yordamida havo razvedkasini amalga oshirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston harbiylari va Ichki ishlar vazirligi xodimlari o‘tkazilgan mashqlar davomida eksport shartnomasi bo‘yicha avvalroq yetkazib berilgan Rossiyaning ZALA 421-16E dronlaridan foydalanishgan. Ushbu qurilmalar optik havo razvedkasi uchun ishlatiladi. 

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, xavfsizlik xizmatchilari va O‘zbekiston harbiylari yuqori texnologiyali uchuvchisiz havo apparatidan foydalanishi razvedka qilish, shuningdek, vaziyatni monitoring qilishni, noqonuniy qurolli guruhlarga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlarni amalga oshirishni ta’minlaydi.

Qayd etilishicha, ushbu dronlar olingan ma’lumotlarni bortda qayta ishlash va qisqa vaqt ichida qaror qabul qilish imkoniyatini beradi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 avgust kuni Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashuvi fonida Termiz shahrida boshlangan “Janub 2021” rus-o‘zbek taktik mashg‘ulotari yakuniga yetdi.

Harbiy mashg‘ulotlarda ikki mamlakatdan jami 1,5 mingga yaqin harbiy xizmatchilar ishtirok etgan. Shuningdek, 200 ta qurol-yarog‘, maxsus harbiy texnika hamda Rossiyaning Tu-22M3 VKS rusumli 4 ta samolyoti jalb qilingan.

Aytish joizki, joriy yilning avgust va sentyabr oylarida Rossiya Qurolli Kuchlari bo‘linmalari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazilishi haqida xabar bergandik.

Unga ko‘ra, avgust oyidagi harbiy mashg‘ulotlar O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati “Termiz” poligonida bo‘lib o‘tdi. Sentyabr oyidagi mashqlar esa Qirg‘izistonning “Edelveys” o‘quv markazi bazasida bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston dron

Baholaganlar

961

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing