O‘zbekiston aeroportlarida maymunchechakning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilyapti?
Jamiyat
−
20 avgust
3438O‘zbekiston aeroportlarida chet eldan maymunchechak kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bosh davlat sanitariya vrachining maymunchechak kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga doir ko‘rsatmasiga asosan mamlakat aeroportlarida qator sanitariya-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Jumladan, fuqaro aviatsiyasi ob’ektlarining Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi bilan birgalikda 20-21 avgust kunlari aeroportlar tibbiyot xodimlari uchun maymunchechak kasalligining etiologiyasi, klinik ko‘rinishi, epidemiologiyasi, diagnostikasi va oldini olish bo‘yicha seminarlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olishga qaratilgan sanitariya-targ‘ibot ishlari kuchaytirilgan.
“Aeroport xodimlariga ushbu kasallik haqida soddalashtirilgan shaklda ma’lumot beriladi va ba’zi alomatlar vizual tarzda qanday namoyon bo‘lishi tushuntiriladi. Bundan tashqari, sanitariya-karantin xizmati tomonidan aeroportlarda havo harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni masofadan turib aniqlaydigan teplovizorlar o‘rnatiladi”, deyilgan xabarda.
Kompaniyaning Tibbiy ta’minotni rivojlantirish departamenti JSST ma’lumotlariga tayanib ta’kidlashicha, kasallikning yangi shtammi asosan O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari bo‘lmagan Afrika mamlakatlarida tarqalmoqda.
Oldinroq Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘zbekistonda maymunchechak virusiga qarshi qanday choralar ko‘rilayotganiga izoh bergandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya hukumati mamlakatda maymunchechak kasalligi (M-pox) qayd etilganini ma’lum qilgandi. 2023 yil oxirida yangi epidemiya boshlanganidan beri bu virus Afrikadan tashqarida birinchi marta aynan ushbu mamlakatda aniqlangan. Rasmiylarning tushuntirishicha, bemor kasallikni Afrikaga safari paytida yuqtirgan. Shuningdek, Pokistonda ham ushbu virus bilan kasallanganlar aniqlandi. JSST esa maymunchechak virusi sababli global favqulodda holat e’lon qildi. Tashkilotning bildirishicha, maymunchechak (M-pox) yangi yoki eski shtammi bo‘lishidan qat’i nazar, yangi COVID emas. Bundan tashqari, Filippinda ham ushbu virus aniqlangan.
LiveBarchasi