O‘zbekiston aholisining 30 foizi nosog‘lom turmush tarzini olib boradi
Salomatlik
−
11 fevral 2023
8286O‘zbekistonda 10,7 mln aholi sog‘lom turmush tarzini olib bormaydi. Aholining 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol iste’mol qiladi va 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdordan (kuniga 400 grammdan) kam iste’mol qiladi.
Bu haqda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida nazarda tutilgan.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 36,6 foizi taomga qo‘shimcha tuz qo‘shishi, 32,9 foizida ortiqcha vazn va 23,5 foizida semizlik mavjudligi, 38 foizida yuqori arterial bosim va 8,4 foizi qonida qand miqdorining yuqoriligi, 26 foizining esa, jismoniy faolligi sustligi aniqlangan.
Shunga ko‘ra, 2023 yildan aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi.
“Aholi, ayniqsa yoshlar, ayollar va keksalar orasida sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va jismoniy faollikni targ‘ib qilish hisobiga yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, zararli odatlar va nosog‘lom turmush tarzini kechirish oqibatlari bo‘yicha axborot-targ‘ibot ishlari olib boriladi”, deyilgan dastur sharhida.
Shuningdek, aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratilishi, bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talablar kuchaytiriladi.
Ta’lim muassasalarida esa bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va iste’molini kamaytirish nazarda tutilgan.
Davlat dasturida mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqiladi.
Qolaversa, yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun qisqa to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari to‘plamini yaratish, ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ham belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Jamoatchilik muhokamasi 17 fevralgacha davom etib, bunda har bir fuqaro ishtirok etishi mumkin.
LiveBarchasi