O‘zbekiston 2026 yilgacha kambag‘allikni 2 barobar qisqartirmoqchi
Jamiyat
−
10 dekabr 2022
5056Kecha, 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Xu Chunxua o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda kambag‘alikni qisqartirish masalasi muhokama qilingan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mehmonlar tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Yan Szyan, Davlat kengashi bosh kotibi o‘rinbosari Go Vey, Rivojlanish va islohotlar ishlari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Lyan Veylin ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, tomonlar kambag‘allikni qisqartirish borasida o‘zaro fikr almashgan.
O‘zbekiston tomoni 2026 yilga borib kambag‘allik darajasini 2 barobarga qisqartirish, bu maqsadlarga erishishda Xitoyning ilg‘or tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etishi hamda tajriba va fikrlar almashinuvini kengaytirishni ta’kidlab o‘tgan.
“Uchrashuv doirasida kambag‘allikni qisqartirish sohasida o‘zaro hamkorlik, yurtimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, o‘tgan davrda yaratilgan kambag‘allikni qisqartirishning to‘liq institutsional asoslari, shu jumladan, kambag‘allik chegarasi va darajasini aniqlash metodologiyasi, manzilli chora-tadbirlar, hokim yordamchilari institutining tatbiq etilishi hamda ularning faoliyati yuzasidan fikr almashdilar” deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, kambag‘allikni qisqartirish sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mita shakllantirish hamda uning birinchi yig‘ilishini 2023-yil O‘zbekistonda tashkillashtirish taklifi ilgari surilgan.
LiveBarchasi