Jamshid Qo‘chqorov energetikada kutilgan natijalarga erishilmayotganini aytdi

Jamiyat

image

Kecha, 18 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Boshqaruv raisi lavozimiga tasdiqlangan Abdug‘ani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va soha oldida turgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan sohani har tomonlama rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga qaramay, kutilgan natijalarga erishilmayotgani tanqid qilingan. Ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha, eng avvalo, geologiya-qidiruv va qazib chiqarish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, har bir yo‘nalish faoliyatini qat’iy va samarali choralar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlangan. 

Shuningdek, kompaniya strukturasini xalqaro standartlar asosida joriy qilish, yangi boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash, strategik loyihalarni amaliy natijaga yo‘naltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan. Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar formatini tahlil qilish, mavjud moliyaviy resurslardan samarali foydalanish lozimligi alohida qayd etilgan. 

Yig‘ilishda yangi rahbar qat’iyatli, ishonib berilgan har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashishi, ishda, eng avvalo, tartib va intizomga amal qilib, vazifalarni sidqidildan bajarishi tilga olindi. Abdug‘ani Sanginov qisqa muddatlarda Jamiyatni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi Strategiyani qabul qilish va jamoa bilan birdamlikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishini bildirdi.

Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yanada kuchaytirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilingani qayd etilib, mazkur qaror tarmoqda tizimli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2023 yildan beri “O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruv raisi sifatida ishlab kelayotgan Bahodirjon Bahromovich Siddiqov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgandi. Uning o‘rnini 2017 yildan beri “O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Abdug‘ani Sanginov egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekneftgaz Jamshid Qo'chqorov Abdug'ani Sanginov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing