O‘zbekiston hukumatining “maxfiy qarori” Qozog‘iston sementiga zarba bo‘ldi – QazCem rahbari

Jamiyat

image

O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan “maxfiy qaror” Qozog‘iston sementiga keskin zarba bo‘lgan. Bu haqda QazCem – Qozog‘iston sement va beton ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi birlashmasi rahbari Erbol Aqimbayev “Forbes Kazakhstan” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“An’anaviy tarzda eng yirik import qiluvchi davlat Rossiya Federatsiyasi hisoblanadi. Ikkinchi yirik yetkazib beruvchi ilgari Eron edi. Endi esa bu O‘zbekiston. Men O‘zbekistonga qarshi emasman, biroq bu yerda masala o‘yin qoidalarining adolatli bo‘lishida”, deydi Aqimbayev jurnalistning sement importi haqidagi savoliga javoban.

Shuningdek, u ilgari Qozog‘iston O‘zbekistonga sement eksporti bo‘yicha eng yirik yetkazib beruvchi bo‘lganini, biroq hozir vaziyat o‘zagarganini bildirgan.

“Biz bojxona tartibini qayta ko‘rib chiqishga chaqiryapmiz. Eslatib o‘taman, 2018 yildan buyon Qozog‘iston O‘zbekistonga sement eksporti bo‘yicha eng yirik yetkazib beruvchi edi. Ammo ular o‘zlari bir qator sement zavodlarini qurdilar va hattoki me’yordan oshirib yubordilar. Endi ularda ortiqcha ishlab chiqarish bor, shuning uchun har qanday yo‘l bilan o‘z bozorlarini himoya qilishga urinmoqdalar”, deydi Erbol Aqimbayev.

Bundan tashqari, u yaqinda O‘zbekiston hukumatining Qozog‘iston sementini deklaratsiya qilishga oid qarori paydo bo‘lganini aytgan.

“Joriy yil iyul oyida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori paydo bo‘ldi, u Qozog‘istondan keltirilayotgan sement yetkazib berishiga bevosita ta’sir qilmoqda. Bu hujjatda shunday yozilgan: Qozog‘istondan olib kirilayotgan sement narxi $300 dan past bo‘lishi mumkin emas, holbuki biz uni atigi $30 ga eksport qilamiz. Tushunyapsizmi? Ya’ni ular Qozog‘iston sementini $300 deb deklaratsiya qilishni va shu summadan soliq to‘lashni majburiy qilgan. Aslida esa biz mahsulotni $30 ga olib kiramiz, demak, soliq ham shu asosda kamroq bo‘lishi kerak edi”, deydi Aqimbayev.

Aqimbayev jurnalistning ushbu qarorning qonuniyligi borasidagi savoliga javoban “bu juda nozik masala” ekanini aytgan.

“Bu juda nozik masala. Biz boshqa davlatning huquqiy hujjatlari “qonuniy” yoki “noqonuniy” deb baholay olmaymiz. Agar qaror kuchga kiritilgan bo‘lsa, demak, bojxona xodimlari uni bajarishga majbur. Ammo unda o‘zaro savdo o‘sishi haqidagi barcha bayonotlar nimaga teng bo‘ladi? Endi qarang, ular bu qarorni joriy etgach, so‘nggi yetti yil ichida ilk bor O‘zbekistonga eksportimiz nolga teng bo‘ldi. Avgust oyida O‘zbekistonga biz bir tonna ham sement yubormadik! Chunki majburan belgilangan narxda hech kim bizning mahsulotimizni olmayapti. Agar O‘zbekiston shunday yo‘l tutsa, demak, Qozog‘iston ham o‘z navbatida javob choralarni qo‘llash huquqiga ega”, deydi u.

Amaldorning aytishicha, O‘zbekiston hukumatining qarorini ochiq manbalardan topishning iloji yo‘q.

“Faqatgina O‘zbekiston bojxonachisining telefon ekranidan olingan surat mavjud, xolos. Bu go‘yo “yetti muhrli sir”ga o‘xshaydi. Nega? Chunki agar ular bu qarorni ochiq e’lon qilishsa, darhol katta shov-shuv ko‘tariladi”, deydi u.

Erbol Aqimbayev O‘zbekiston hukumatining mazkur qarori ortidan “boshi berk ko‘cha”ga kirib qolganini bildirgan.

“To‘g‘risi, biz hozir boshi berk ko‘chadamiz. Masalani Sanoat vazirligi, Savdo vazirligi va Qozog‘iston sanoat va import markazi QazIndustry bilan muhokama qilayapmiz, ammo hozircha samarasi past. Shu sababli, agar Qozog‘iston hozirning o‘zida qo‘shni davlat harakatlariga javoban javob choralarini joriy etsa, bu bizga O‘zbekistondan kirib kelayotgan agressiv import oqimini kamaytirish va hech bo‘lmaganda hozirgi ishlab chiqarish hajmini saqlab qolish imkonini beradi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekistonga sement import qilish uchun 30 foizlik boj joriy qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston tsement

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing