O‘zbekiston hukumatiga tabiiy hududlarni himoya qilish bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati hukumatga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi o‘simlik va hayvonotni asrash hamda kadastrini yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror kecha, 30 mart kuni Senatning ellik birinchi yalpi majlisida muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, senatorlar Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasini ko‘rib chiqib, mazkur so‘rov muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi o‘simlik va hayvonot olamini asrash hamda kadastrini yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ichiga qamrab olishiga kelishgan. 

Bildirilishicha, respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumiy maydoni 6,321 mln gektarga yetkazilib, ular mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda esa O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar (umurtqali) turlarining 83 foizi va o‘simlik turlarining 89 foizi qamrab olingan.

“Aholi tomonidan noqonuniy tarzda chorva mollari boqilishi va boshqa salbiy omillar sabab muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy biomassasi siyraklashgan. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning biologik xilma-xilligi, degradatsiya jarayonlari, ularning xo‘jalik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari talab darajasida emas”, deyiladi Senat bayonotida.

Aytilishicha, inqirozga uchragan maydonlarni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol va suv ta’sirida tuproq eroziyasi kuchayib, cho‘llanish, chang-to‘zonlarning hosil bo‘lishi surunkali tus olmoqda.

“So‘nggi yillarda turli tabiiy va antropogen omillar tufayli hayvonot va nabotot olami turlari soni kamayib, yashash muhitlaridagi ahvol yanada keskinlashmoqda. Ayrim muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda o‘rnatilgan tartib-qoidalar (rejim) buzilishi, jumladan, brakonerlik, noqonuniy qurilishlar hamda chorva mollari boqilishi oqibatida yovvoyi hayvon va o‘simliklarga zarar yetkazilmoqda. Aksariyat hollarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayapti”, deyilgan so‘rovda.

Qolaversa, sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi bois, malakali kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, senatorlar quyidagilarni amalga oshirish lozimligini aytib o‘tgan:

  • muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biologik xilma-xillikni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan mablag‘larni maqsadli sarflash;
  • brakonerlik, hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabandasi, noqonuniy qurilishlarni oldini olish;
  • chorva mollarini boqish, kadastr ma’lumotlarini shakllantirish va tahlil qilish;
  • sohani raqamlashtirish.

Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini yanada kengaytirish, ulardan samarali foydalanish, ijara munosabatlarini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik qoidalarini joriy etish, yong‘in xavfsizligini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amaliy choralar samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev Transport vaziri Ilhom Mahkamovga aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ishlar holati yuzasidan senator so‘rovini yuborgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

so'rov parlament tabiiy hududlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing