“O‘zbekiston havo yo‘llari”: biz bittamiz, lekin monopol emasmiz

Jamiyat

image

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyaning O‘zbekistondagi yagona aviatashuvchi ekani doimiy tanqidlarga sabab bo‘ladi.

Bugun, 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK bosh direktori birinchi o‘rinbosari Umid Husanovdan monopoliyaga qachon barham berilishi so‘raldi. Umid Husanov “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK monopol tashkilot emasligini ta’kidladi.

“Monopoliya, monopoliya deyishadi. To‘g‘ri, biz respublika hududidagi yagona aviatashuvchimiz. Lekin monopol tashkilot emasmiz! Monopoliyani yo‘q qilish bizning qo‘limizdami? 2 yilda bizda bozorni liberallashtirish amalga oshib bo‘ldi. Biz hech kimga qarshi emasmiz, kelsin, aviakompaniya ochsin, marhamat – ishlasin, oyoq tirayotganimiz yo‘q. Aksincha, sog‘lom raqobatda rivojlanish bo‘ladi, bizga ham qulay bo‘ladi. Monopoliyaning o‘zi yo‘q. 19 ta aviakompaniya bizga parvozlarni amalga oshiradi. Bir yilning o‘zida 5 ta avikompaniya keldi. Samolyot sotib olsin, uchuvchi topsin, zarur tashkilotlar bilan kelishsin, faoliyatini yo‘lga qo‘ysin”, dedi “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK bosh direktori birinchi o‘rinbosari Umid Husanov.

MAK moliyaviy iqtisodiy departamenti direktori Alisher Sattorov qo‘shimcha qilib, loukaster va monopoliya masalasida ko‘pchilikni arzon narx va qulay xizmat qiziqtirishini ta’kidladi. Shuningdek, o‘tgan yil qish mavsumida kompaniya eng ko‘p qatnov uyushtiriladigan Moskva yo‘nalishidagi narxlarni 80 yevrogacha tushirganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi aeroportlaridan 63 xalqaro yo‘nalish bo‘yicha qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston havo yo'llari monopoliya

Baholaganlar

31

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing