17 turdagi davlat monopoliyasini tugatish choralari ko‘riladi

Jamiyat

image

Energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temiryo‘l va aeroport xizmatlari kabi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari ko‘riladi. Bu haqda bugun, 5 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raqobatni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishayotganida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, tabiiy monopoliya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlari joriy etiladi. Tabiiy monopoliya sohalari bilan o‘zaro bog‘langan va raqobatni rivojlantirish imkoniyati bo‘lgan tovar bozorlarida tabiiy monopoliya sub’ektlari ishtiroki cheklanadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshiriladigan davlat xaridlari ko‘lami qisqartirilib, davlat xaridlari raqobatli usullarga to‘liq o‘tkaziladi. Raqobatni cheklovchi individual xususiyatga ega davlat yordami, shu jumladan, eksklyuziv huquq, imtiyoz, preferensiya va yengilliklar bekor qilinadi.

Shuningdek, davlat organlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari shakllanishi zanjirining barcha bo‘g‘inlarini raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi. Raqobatga qarshi kelishuv va xatti-harakatlar, til biriktirish holatlari haqida ma’lumot taqdim etgan shaxslarni oshkor etmaslik va mukofotlash tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish orqali davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlarning oldi olinib, bu jarayonlarning shaffofligi ta’minlanadi. Tovar-xomashyo birjalarida takliflar ko‘paytirilib, xaridorlarning tanlash imkoniyati kengaytiriladi.

Prezident sohadagi ishlarni davom ettirib, erkin bozor tamoyillarini ta’minlash, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi. Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, ayrim funksiyalarni bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi. Tovar, moliya va raqamli bozorlarda raqobat holatini doimiy tahlil qilib, tartiblarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borish vazifasi qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev monopoliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing