“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK parkiga beshinchi “Orzu kemasi” yetib keldi

Jamiyat

image

Kecha, 2 iyul kuni soat 18:35 da Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro ayeroportiga O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining beshinchi Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti qo‘ndi.

Siyetldan Toshkentgacha 12 soatga yaqin davom etgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz muvaffaqiyatli bajarildi. Yangi samolyotni Milliy aviakompaniya ekipaji: MAK uchuvchilar majmuasining uchuvchi-inspektori Iosif Zak va Boeing 787 havo kemasi komandiri Malik Ahmedov boshqardi. Toshkentga kelishdan avval samolyot “Boeing” kompaniyasining Everett shahridagi ayerodromida parvoz va yer usti sinovlaridan o‘tdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Bosh direktorining o‘rinbosari Gennadiy Xarlap, “Uzbekistan airways technics” aviakorxonasi direktorining o‘rinbosarlari Andrey Margachyov va Valeriy Kosov MAKning beshinchi Dreamliner`ini ishlab chiqaruvchi zavodidan qabul qilib olishdi. Sinov parvozlari davomida avialaynerning barcha mexanizmlari tekshirildi va zaruriy tadbirlar amalga oshirildi.

UK-78705 registratsiya raqami berilgan ushbu yangi samolyotda ham yonilg‘i  sarflash samaradorligi oshirilgan va shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga karbonat angidrid gazining ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B turboparrakli reaktiv dvigatellari o‘rnatilgan. Mazkur yangi layner parvoz paytida keng miqyosda internetga ulanish uchun sun’iy yo‘ldosh stansiyasiga ega bo‘lgan aviakompaniyaning beshinchi samolyotidir. U oldingi to‘rtta avialaynerlar kabi MAK aviaparkini raqobatbardoshlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun zamonaviy samolyotlar bilan jihozlash va kengaytirish investitsion loyihasi doirasida sotib olingan.

Avialayner 246 ta (biznesda – 24 ta va ekonom klassda – 222 ta) yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Unda yo‘lovchilar uchun maksimal qulayliklar yaratilgan. Shinam samolyot sahni, qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolatsiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar, Internetga ulanish uchun Wi-Fi tarmog‘i “O‘zbekiston havo yo‘llari” yo‘lovchilariga parvoz davomida maksimal qulaylik va yaxshi kayfiyatni ta’minlaydi. Panasonic Avionics Corporation kompaniyasi Milliy aviakompaniyaning A320neo va oldingi Boeing 787-8 Dreamliner samolyotlaridagi kabi bortdagi aloqa provayderi va parvozlar ko‘ngilochar tizimi (Inflight Entertainmentand Connectivity) ning yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Mazkur yangi avialaynerda Frankfurt va Pekinga parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda Boeing 787-8 Dreamliner`iga birinchi bo‘lib buyurtma bergan aviatashuvchidir. MAK Dreamliner`larning tijoriy ekspluatatsiyasini  2016 yil sentyabrda boshlagan. Bugungi kunda mazkur havo kemalarida Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha bo‘lgan masofalarda parvozlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning rivojlanish rejalariga muvofiq, milliy aviatashuvchi 2020 yilda oltita ushbu turdagi samolyotga ega bo‘ladi va MDH mamlakatlarida bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston havo yo'llari Dreamliner

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing