Bu bizda shakllangan siyosiy madaniyat – Umurzoqov amaldorlarning Prezident oldida bloknotga yozishi haqida

Intervyu

image

Ko‘pchilik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarning video va suratlarini ko‘rganda amaldorlarning tinmay bloknotlarga yozayotganiga ko‘zi tushgan. Buni ko‘rgan odamlarda amaldorlar eskilik sarqitidan qutila olmayotgandek taassurot qoldirgan.

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “Voice of America” (Amerika ovozi) nashriga bergan intervyusida Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda mansabdorlarning bloknotlarga qaydlar yozib borish odati bo‘yicha tushuntirish berdi.

“Har bitta davlatda, har bitta jamiyatda o‘ziga yarasha siyosiy madaniyat bor. Masalan, shu savolni qo‘yayotgan odamlarimiz nima uchun ayrim boshqa davlatlardagi bizga juda bir g‘alati tuyulishi mumkin bo‘lgan holatlarni muhokama qilmaydi? Masalan, ayrim Sharqiy Osiyoning demokratik davlatlarida bir-biriga engashishlar [uchrashuvda] va h.k. Juda ko‘p misol keltirishim mumkin. Bu bizda shakllangan siyosiy madaniyat”, deydi Umurzoqov.

U ikki yildan beri Hukumat tarkibida faoliyat yuritayotganini eslatib, har kuni Prezidentdan keladigan topshiriqlar sonini xotirada saqlab qolish anchayin mushkul ekanini aytib o‘tgan.

“Bu 1−2 ta topshiriq emas. Misol, menga topshiriq berilganda yozayotganimning sababi eslab qolish uchun, keyin esa ularni tizimlashtiraman. Shaxsan o‘zim yig‘ilishlarda qatnashganimda bo‘layotgan mavzudan kelib chiqib, men o‘zimni ishimga taalluqli bo‘lgan joylarini yozib, xulosa qilib, menga so‘z berilsa, qanday qilib, asosiy masalalarni ko‘tarishim kerakligini o‘zim uchun belgilab olaman.

Siyosiy madaniyat bizda shakllanib bo‘ldi. Nima omillar ta’sirida — bu ikkinchi masala. Lekin bu shakllangan siyosiy madaniyat va biz uni hurmat qilishimiz kerak”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

VoA jurnalisti Navbahor Imomova tashqaridan qaraganda Prezident Mirziyoyev boshchiligidagi yig‘ilishlarda faqat davlat rahbari fikr bildirayotgandek ko‘rinishini aytib o‘tgan. U Umurzoqovni amaldorlar shunday yig‘ilishlarda Prezident taklifidan boshqacharoq fikrlar bildirib, boshqacha yo‘l tutish kerakligini aytadimi, deb savolga tutgan.

“Albatta, yopiq uchrashuvlarda, ya’ni, tor doiralardagi yig‘ilishlarda turli fikrlar aytiladi. Hatto Prezident oldida ham men bitta fikr aytishim mumkin, boshqa vazir, bosh vazir o‘rinbosari yoki hamkasbimiz boshqa fikr aytishi mumkin. Albatta [erkin fikr almashinuvi bor], bizda bunday holatlar ham bo‘ladi. Davlat rahbarining talablari ham shundan iborat”, deya javob bergan vazir.

Sardor Umurzoqov suhbat davomida O‘zbekistondagi siyosiy madaniyatni “insonga sig‘inish”ga tenglashtirish noto‘g‘ri deb hisoblashini aytib o‘tgan. 

“O‘zbekistonda hech qayerda “shaxsga sig‘inish”ni ko‘rmadim. “Shaxsga sig‘inish”ni boshqa davlatlarda ko‘rganmiz. 2016 yilda bitta odamni siyosiy irodasi bilan mana shu o‘zgarishlar boshlandi. Buni endi har kim har qanday aytishi mumkin, lekin buni tan olmay iloji yo‘q”, deydi Umurzoqov.


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov

Baholaganlar

260

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing