“Uzbekistan GTL” zavodidagi isyon deputatlar nazoratiga olindi
Jamiyat
−
22 Oktabr 2020
12739Kecha, 21 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan GTL zavodining yuzlab ishchilari ishtirokida ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelgani haqida xabar bergan edik.
“G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodini qurayotgan Enter Engineering kompaniyasining ishchilarga oylik maosh to‘lamasdan ishlatayotganlik holati Mehnat kodeksi talablarini qo‘pol ravishda buzishdir”. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev yozmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 161-moddasida xodimning mehnatiga haq to‘lash har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
“Vaziyatning shu darajaga yetib kelishiga kompaniya rahbariyati bilan birgalikda mehnat muhofazasi bo‘yicha vakolatli organ Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va boshqa tegishli tashkilotlarning nazoratsizlik va befarqlikka yo‘l qo‘ygani ham sabab bo‘lgan deb xisoblaymiz.
Biz ushbu masala bo‘yicha vazirlik hamda Qashqadaryo viloyati hokimligidan izoh so‘radik va bugun kun yakuniga qadar muammo ijobiy hal etilishi haqida axborot oldik.
Qisqa vaqt ichida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda viloyat hokimligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga xisobot berish vazifasi yuklatildi.
Muammo hal etilguniga qadar bu ish deputatlar nazoratida bo‘ladi”, deydi Odiljon Tojiyev.
Ma’lumot o‘rnida, Ishchilarning ommaviy noroziligi va nazoratsizligi tashkilotning bosh pudratchisi "Enter Engineering, Hyundai Engineering, subpudratchilar hamda buyurtmachi "Uzbekistan GTL" ofisining vayron qilinishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, vaqtinchali inshootlar: oshxona, omborxona va boshqalar ham talafot ko‘rgan.
Hodisada bir necha kishi, jumladan, oshxona, kadrlar bo‘limi, “Enter Engineering” muhandis-texnik xodimlariga tan jarohati yetgan. Shuningdek, omborxonalarni yoqib yuborishga urinishlar bo‘lgan. Yong‘in o‘choqlari tezda bartaraf etilgan.
Tartibsizliklarda taxminan ming nafar ishchi qatnashgan.
Qayd etilishicha, ertalab soat 9:00 dan boshlab qurilish maydonida vaziyat barqarorlashgan va ommaviy ish tashlash to‘xtatilgan. Ayni paytda “Uzbekistan GTL” mutaxassislari qurilish maydonidagi talafotni hisoblab chiqishyapti. Maxsus texnik guruh tizimdagi nosozlikni tuzatmoqda.
Energetika vazirligi rahbariyati, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Enter Engineering Pte. Ltd.” hodisa tafsilotlarini bilish va kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun voqea joyiga uchib ketgan.
LiveBarchasi