“Uzbekistan GTL”da bezorilik qilganlarga jinoyat ishi ochildi. Yetkazilgan zarar hisoblandi

Jamiyat

image
Uzbekistan GTL zavodida nima bo‘lgandi? north_east

Uzbekistan GTL zavodida nima bo‘lgandi?

Joriy yilning 21 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi “Uzbekistan GTL” zavodida ishchilar tartibsizlik uyushtirgani haqida xabar bergan edik. 

Tartibsizlik vaqtida ishchilar eshik va deraza romlarining oynalarini tosh va temir jismlar bilan urib sindirishgan, yaroqsiz holatga keltirishgan edi. Mana shu tartibsizliklar ishchilar vaqtida 19 turdagi 14 million 320 ming so‘mlik kuzatuv kameralari, 9 dona har xil turdagi 4 million 365 ming so‘mlik yozuv stollari, 27 million 777 ming so‘mlik konditsionerga, korxonaning hammasi bo‘lib 480 million so‘mlik mol-mulkiga shikast yetkazishgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Qashqadaryo gazetasi” xabar berdi.

Hodisa sodir bo‘lgan joy viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tergovchilari tomonidan ko‘zdan kechirilgan, ishga aloqador bo‘lgan ishchilar jinoyat ishi doirasida guvoh tariqasida jalb qilingan.

Zavodda o‘rnatilgan tartib-qoidadan norozi bo‘lib  bezorilik qilganlarga nisbatan esa viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksi 173-moddasi 2-qismi "v" bandi va 277-moddasi 2-qismi "b, v, ye" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, ishchilar noroziligiga oshxonaga kirishdagi elektron tizimning ishlamay qolgani sabab bo‘lgani aytildi. Energetika vaziri Alisher Sultonov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari voqea joyiga borib, norozilikda ishtirok etgan ishchilar bilan uchrashdi.

Tartibsizliklardan keyin Energetika vazirining o‘rinbosari Behzot Normatov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda ishchilar talabi o‘rinli deb topilsa, ularga jazo ko‘rilishi noto‘g‘ri bo‘lishini aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

393

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing