“Uzbekistan Airways” samolyoti qanotidagi yamoqlarga izoh berildi (video)
Jamiyat
−
13 mart
21977Ijtimoiy tarmoqlarda "Uzbekistan Airways" AJga qarashli Boeing V787 samolyotining qanot qismidagi bo‘yoqlari ko‘chib ketgani va yamoq ko‘rinishiga kelib qolgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan "Uzbekistan Airways" AJ munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Boeing kompaniyasining V787 havo kemalari kompozit qismlaridagi bo‘yoqlarni ko‘chish muammosi birinchi marta sodir bo‘lmayapti. Bildirilishicha, Boeing konserni AQSH Aviatsiya ma’muriyatiga Boeing 787-Dreamliner turidagi havo kemalarining qanoti va qanotini harakatlanuvchi qismlarida maxsus yopishtiriladigan "speed tape" lentasidan foydalanishga vaqtincha ruxsat berish iltimosi bilan murojaat qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yuqorida aytib o‘tilgan havo kemasi turining deyarli barcha ekspluatantlari All Nippon Airways, Japan Airlines, United airlines, American Airlines, Air New Zealand va boshqalar, iqlim sharoitidan qat’i nazar, shunga o‘xshash muammoga duch kelgan.
Barcha aviatashuvchilar ultrabinafsha nurlar ta’sirida ushbu turdagi havo kemalaridagi bo‘yoq qoplamasining ko‘chishi haqida muntazam ravishda xabar berib kelmoqda. Boeing konserni esa ko‘chib ketgan bo‘yoqni tiklash uchun ultrabinafsha nurlanishini to‘suvchi qo‘shimcha ustki qatlamni qo‘shishni rejalashtirmoqda. "Speed tape" lentasi bo‘yoqni keyingi bo‘yoq ko‘chishidan himoya qilish uchun mo‘ljallangan.
Ishlab chiqaruvchi kompaniyaning tahliliga ko‘ra, bunday bo‘yoq ko‘chishi kosmetik nuqson bo‘lib, parvozning yaroqliligi va havo kemasi parvozlarining xavfsizligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ta’kidlanishicha, "Uzbekistan Airways" AJ yaqin kelajakda Boeing 787-Dreamliner rusumidagi uchta havo kemasini bosqichma-bosqich qayta bo‘yashni rejalashtirgan.
"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi ushbu muammo Boeing 787-Dreamliner havo kemalarida parvozlar xavfsizligi va qulayligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini urg‘ulagan.
LiveBarchasi