“Uzbekistan Airways” ma’lumotlari darknetda sotuvga qo‘yildimi?
Jamiyat
−
22 avgust 2025 6022 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda “Uzbekistan Airways”ga tegishli 300 GBlik baza ma’lumotlari darknetda sotilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu bilan bog‘liq suratlarda mazkur saytda turli davlatlar fuqarolarining pasport nusxalari joylashtirilgani aks etadi.

“Uzbekistan Airways” mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish yoki yo‘lovchilar va xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish (komprometatsiya) bilan bog‘liq birorta ham tasdiqlangan hodisa qayd etilmagan.
“Barcha infratuzilma odatdagi tartibda ishlamoqda. Bir qator nashrlarda go‘yoki ma’lumotlar sizib chiqqanining isboti sifatida keltirilgan misollar ishonchsiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Materiallarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bizning axborot tizimlarimizga aloqador emas va dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa mavjudligi haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirish maqsadida sun’iy ravishda yaratilgan yoki tahrirlangan bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Shunga qaramay, “Uzbekistan Airways” axborot tahdidlariga javob berish bo‘yicha amaldagi tartib-qoidalar doirasida xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
“Hech qanday ma’lumotlar komprometatsiya qilinmaganiga qaramay, natijalar bundan keyin himoya darajasini yanada kuchaytirish maqsadida qo‘llaniladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Dilbar Shoakromova
Live
Barchasi