15 mln qozog‘istonlikning ma’lumoti darknetda sotuvga qo‘yildi – OAV
Olam
−
16:54 1890 3 daqiqa
“Mash” 15 million qozog‘istonlikning ma’lumotlari tarmoqqa sizib chiqqanini xabar qildi. Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi ushbu axborotga munosabat bildirdi.
“Mash” ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum xaker darknetda Qozog‘istonning 15 million aholisiga oid ma’lumotlarni sotuvga qo‘ygan. Postda bu “mamlakat aholisining to‘rtdan uch qismi” ekani ko‘rsatilgan.
.jpg)
“Sotuvchining ta’kidlashicha, u bazani eGov davlat xizmatini buzib kirish orqali qo‘lga kiritgan. shymzz13 taxallusli foydalanuvchi faylni 0,5 bitkoinga – taxminan 32 ming dollarga baholagan. 2,7 gigabayt hajmdagi pasport ma’lumotlari, telefon raqamlar, elektron pochtalar, ish joylari, hujjatlarning skan-nusxalari va parollardan iborat 47 million qator joylashgan.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar bazani Ukraina qo‘ng‘iroq markazlari (koll-sentrlari) sotib olishidan xavotirda. Avvalroq, firibgarlar pavlodarlik pensionerlarni Qozog‘istonni Rossiya bilan adashtirib yuborib, bankda portlash uyushtirishga majbur qilgan edi”, deyiladi xabarda.
“Nur.kz” muxbiri Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmatiga so‘rov yuborgan. Vazirlik Qozog‘iston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqani va ularning darknetga joylashtirilgani haqida tarqalayotgan axborotdan xabardor ekanini ma’lum qilgan.
“Hozirda tegishli xizmatlar bilan birgalikda e’lon qilingan axborotning texnik tekshiruvi, jumladan, taqdim etilgan ma’lumotlar namunalarini tahlil qilish va ularning kelib chiqish ehtimoliy manbasini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda elektron hukumat axborot tizimlarining buzib kirilgani va ushbu baza bevosita eGov’dan olingani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q”, deya ishonch bildirgan Raqamli rivojlanish vazirligi.
Shu bilan birga, idora xabarlarda e’lon qilingan ma’lumotlarning bir qismi elektron hukumat ma’lumotlarining tuzilishi va formatiga mos kelmasligiga e’tibor qaratgan.
“Xususan, eGov’da pasportlarning skan-nusxalari aytilgan ko‘rinishda saqlanmaydi, raqamli hujjatlar esa boshqa formatga ega. Darknet foydalanuvchisining bazaning kelib chiqishi haqidagi bayonotining o‘zi eGov buzib kirilgani faktini tasdiqlash sifatida qaralishi mumkin emas.
Texnik tekshiruv davom etmoqda. Uning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.
Raqamli rivojlanish vazirligi fuqarolarga raqamli xavfsizlikning asosiy choralariga rioya qilishni tavsiya etgan: SMS-kodlar, parollar va ERI ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslik, shubhali havolalarga o‘tmaslik va turli xizmatlar uchun turlicha parollardan foydalanish.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyun oyida ham Qozog‘istonliklarning 16 milliondan ziyod ma’lumoti internetga sizib chiqqan edi.
Qayd etish joiz, bir necha kun oldin O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kompyuter hamda serverlariga ham RDP (Remote Desktop Protocol) xizmati orqali ruxsatsiz kirishga qaratilgan ommaviy kiberhujumlar aniqlangandi.
Avvalroq esa ijtimoiy tarmoqlarda hukumat tizimlaridan kamida 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani va Dark Web’ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida 15 million emas, 60 ming nafar o‘zbekistonlikning ma’lumotlari tarqalganini aytgan edi.
Live
Barchasi