O‘zbek shifokorlari ilk bor siam egizaklarini ajratib oldi

Jamiyat

image_2023-01-19_15-36-41

O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek shifokorlari tomonidan siam egizaklarini ajratish operatsiyasi o‘tkazildi va muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu siam egizaklari 2022 yil 31 mayda Qirg‘izistonda dunyoga kelgan. Chaqaloqlar tug‘ilganda ularning umumiy vazni 1 600 gramm bo‘lgan va ularga Fotima va Zuhra deb ism qo‘yilgan. Ular yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ya’ni opa-singillarning farzandlaridan dunyoga kelgan.

Tug‘uruqdan 10 kun o‘tgach, ota-onaga bolalarning yashab qolish imkoni umuman yo‘qligi aytilib, uyiga ruxsat berilgan. Ammo ota-ona O‘zbekistondagi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashevga ushbu masalada murojaat qilgan.

Operatsiya 2022 yilning 19 dekabr kuni 3 soat davomida bo‘lib o‘tgan. Ushbu murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Fotima va Zuhra tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan edi. Bitta ichki a’zolarga ega egizaklarni ajratish esa o‘ta murakkab va xavfli operatsiya bo‘lgan. Bemorlarning o‘t pufaklari alohida-alohida shakllangani operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishiga sabab bo‘lgan.

Operatsiyada ishtirok etgan mutaxassislar Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, siam egizaklari tanasining ma’lum bir qismi birlashgan holda tug‘iladi. Ularning ichki organlari ham birlashgan bo‘lishi mumkin. Tanasi tutash chaqaloqlarni vaqti kelib jarrohlik yo‘li bilan ajratish mumkin, biroq umumiy ichki a’zolarga ega egizaklarni tanasidan ajratish deyarli imkonsiz.

Odatda, siam egizaklari 200 ming holatda bir marta uchrashi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyati o‘lik holatda dunyoga keladi. Tirik tug‘ilganlarining 5 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan qismi uzoq umr ko‘rish baxtidan benasib bo‘ladi.

Shu paytgacha O‘zbekistonda bu turdagi amaliyot faqat bir marta Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan. Unda ham operatsiya chet eldan chaqirilgan mutaxassis boshchiligida va bevosita ishtirokida kechgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston operatsiya siam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing