Turkiyaga yashiringan qidiruvdagi o‘zbekistonliklarni qo‘lga olish kuchaytiriladi
Jamiyat
−
25 noyabr
4951O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lib, Turkiyaga yashiringan shaxslarni qo‘lga olish tadbirlari yanada kuchaytiriladi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda tergov va suddan yashiringan ayrim shaxslarning Turkiya hududida yashirinishga urinish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar kuzatilmoqda.
"Shu bilan birga, Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy yordam tadbirlari doirasida bu kabi shaxslarga nisbatan jinoiy ta’qibni amalga oshirish yanada samarali ko‘rinishga ega bo‘lmoqda", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, birgina 2024 yilning 10 oyida javobgarlikdan qutulish maqsadida yillar davomida Turkiya hududida yashirinib yurgan 37 nafar ayblanuvchilar qo‘lga olinib, sudlov hukmiga havola etilgan.
"Bundan buyon qidiruvdagi shaxslarni qo‘lga olish tadbirlari yanada kuchaytiriladi, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash jadal davom ettiriladi, jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi. Qidiruvdagi shaxslar uchun yagona va eng to‘g‘ri yo‘l – O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga yoki respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga murojaat qilish, tergov va sud protsessida qonuniy himoya huquqidan foydalanish", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekistonda 2011-2013 yillarda bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan, jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, o‘zgalarning mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 2014 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Xaticha Musoyevna Jafarova Turkiyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi.
LiveBarchasi