O‘zbek shaxmatida qirol o‘zgardimi?
Sport
−
29 mart 2023
11846Toshkent shahridagi xalqaro shaxmat akademiyasida o‘tkazilgan “Rustam Qosimjonov xalqaro turniri” bahslari yakunlandi. Turnir qizg‘in va murosasiz partiyalarga boy bo‘ldi. Ko‘plab dunyo shaxmati yulduzlarining ishtirokiga qaramay, “Masters” guruhida g‘oliblik baribir o‘zbekistonlik shaxmatchiga nasib etdi.
Ko‘pchilik ishqibozlar turnirda o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorovning imkoniyatlarini yuqori baholagandi, ammo turnirning ikkinchi kunida Abdusattorov muhim ochkolarni yo‘qotdi. 7-turga kelib Abdusattorov qora donalarda Sindorovga imkoniyatni boy berdi va uzil-kesil chempionlik poygasidan chiqib ketdi. Shunday qilib, “Masters” guruhida g‘oliblik Javohir Sindorovga nasib etdi va u tashkilotchilar tomonidan 12 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
Nodirbek Abdusattorov esa QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida turnirning ikkinchi kuni omadsiz kelganligini aytib o‘tdi.
“Dastlabki kunda peshqadamlar qatorida edim, ammo ikkinchi kun omadim kelmadi. Garchi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsam ham turnir men uchun foydali bo‘ldi. Kelajakda ana shunday turnirlarning ko‘payishi O‘zbekistonda shaxmat rivojiga katta hissa qo‘shadi”, deydi Abdusattorov.
“Challenger” guruhidagi bahslar murosasiz ruhda kechdi. So‘nggi turlargacha g‘oliblik uchun imkoniyatni saqlab kelgan o‘zbekistonlik shaxmatchi Ortiq Nig‘matov yakunda serbiyalik Aleksandr Injich bilan bir xil 6,5 ochko jamg‘ardi, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha g‘oliblik serbiyalik shaxmatchiga nasib etdi.
Turnirda muxlislarning asosiy e’tibori qaratilgan shaxmatchi, 2004 yilgi jahon chempioni Rustam Qosimjonov esa musobaqani 8-o‘rinda yakunladi. Qosimjonov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida hozirgi kunda yosh shaxmatchilarga yo‘l berayotgani, qolaversa, Nodirbek Abdusattorovga ustozlik qilayotganini ma’lum qildi. Qosimjonov kelgusida Toshkent shahrida o‘tadigan ana shunday turnirlarda tez-tez ishtirok etib turishini qo‘shimcha qildi.