O‘zbekiston tarixdagi dog‘idan xoli bo‘ldi
Jamiyat
−
02 mart 2022
35950O‘zbekiston 2021 yilgi paxta terimi tizimli majburiy va bolalar mehnatidan xoli bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda paxtachilik sanoatida islohotlar boshlanganidan beri o‘tgan yetti yilda ikki million bola va yarim million katta yoshdagilar majburiy mehnatdan ozod etilgan.
XMT monitoring guruhi 2021 yildagi paxta terimi mavsumida 11 ming terimchi bilan suhbatlashgan, ularning 99 foizi o‘z xohishi bilan ishlayotganini aytgan. Barcha viloyat va tumanlarda majburiy mehnat bilan bog‘liq juda kam holat aniqlangan yoki umuman kuzatilmagan.
Bir foiz terimchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki ehtimoliy majburlovga uchragan. Respondentlarning 0,47 foizi mahalla vakillari tomonidan ijtimoiy nafaqalar bilan bog‘liq tahdidlarga uchraganini, 0,12 foiz repondent ish beruvchilar tomonidan ishi yoki maoshini yo‘qotish bilan bohliq tahdidlarga uchraganini aytgan.
Xulosalar Jahon banki bilan kelishuv asosida 2015 yildan buyon O‘zbekistonda paxta terimini monitoring qilib kelayotgan XMTning uchinchi tomon monitoringi loyihasining so‘nggi natijalari hisoblanadi.
So‘rovda qatnashgan paxta terimchilarining aksariyati 2020 yildan boshlab mehnat sharoitlari yaxshilanganini ma’lum qilishgan. Faqat 5 foizi sharoitlar (transport, oziq-ovqat, suvdan foydalanish, gigiyena va boshqa qulayliklar) avvalgi yilga qaraganda yomonroq ekanligini aytgan.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi har sakkizinchi kishi paxta terimida qatnashgan. Shu bilan birga, terimchilarning 62 foizini xotin-qizlar tashkil etib, ularning mutlaq ko‘pchiligini qishloq fuqarolari tashkil etdi.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi.
LiveBarchasi