Rubl qulashi fonida o‘zbek migrantlarining yarmi Rossiyadan ketishni o‘ylamoqda – “Vedomosti”
Olam
−
16 avgust 2023
8932Mehnat muhojirlarining uchdan bir qismi rublning dollar va yevroga nisbatan zaiflashuvi hamda buning oqibatida daromadlarining kamayishi tufayli Rossiyani tark etishi mumkin. Bu haqda Moskvadagi o‘zbek diasporasi rahbari Bahrom Ismoilovga tayanib “Vedomosti” xabar berdi.
Ismoilovga ko‘ra, rublning tobora qadrsizlanib borayotgani sharoitida Rossiyadagi o‘zbek migrantlarining rejasi qandayligi haqida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda jami 22 ming 800 nafar o‘zbekistonlik qatnashgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 50 foizi rublga nisbatan dollar kursining oshib borayotgani sabab Rossiyani tark etish haqida o‘ylayapti. Ishtirokchilarning 25 foizi hali buni rejalashtirmagan, qolgan 25 foizi esa borada bir qarorga kelib ulgurmaganini aytgan.
Ma’lumotga ko‘ra, iyun oyining oxiridan buyon rubl xalqaro valyutalarga nisbatan zaiflashib bormoqda. Xususan, 14 avgust kuni Moskva birjasidagi savdolar chog‘ida 2022 yil mart oyi oxiridan beri birinchi marta dollar kursi 101 rubldan, yevro esa 110 rubldan oshdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon rus milliy valyutasining almashuv kursi 26,4 foizga pasaygan.
Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, dollar kursining o‘sishi tufayli chet el fuqarolarining Rossiyadagi daromadlari tobora pasayib bormoqda. Uning fikricha, mehnat muhojirlarining chiqib ketishi, birinchi navbatda, eng kam haq to‘lanadigan sohalar – chakana savdo, umumiy ovqatlanish, tozalash, yetkazib berish, qishloq xo‘jaligida yuz beradi.
Eslatib o‘tamiz, Umumrossiya o‘zbeklar qurultoyi Taftish komissiyasi a’zosi Abdukarim Otajonov hamda “Arikapital” kompaniyasi sarmoya strategi Sergey Suverov rublning qadrsizlanishiga qaramay, migrantlar baribir o‘z uylariga qaytmaydi, deya prognoz qilgan edi.
LiveBarchasi