O‘zbek-qirg‘iz mojarosi bo‘lgan yerda oromgoh quriladi – Aripovning So‘xga tashrifi bo‘yicha batafsil

Jamiyat

image

Xabar berganimizdek, kecha, 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikalari chegarasida joylashgan Chashma qishlog‘ining chashma bulog‘i oldida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida katta mojaro chiqqan. Bugun, 1 iyun ikki davlat hukumati vakillari uchrashuv o‘tkazib, vaziyatni barqarorlashtirdi. Kelishuvga binoan, mojaro bo‘lib o‘tgan hududda zamonaviy dam olish maskani barpo etiladigan bo‘ldi. Bu haqda So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida kecha Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, So‘x tumaniga O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri A. N. Aripov tashrif buyurdi. Bugun ertalab A. N. Aripov So‘x tumani markaziy shifoxonasiga borib, bemorlar va jarohat olganlar holidan xabar oldi. Og‘ir ahvoldagi yaralaganlarni viloyat markaziy shifoxonalariga yetkazish uchun sanaviatsiya xizmati tumanga safarbar etildi.

Kunning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iziston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov bilan Botken viloyatidagi "Chechme-Avtodorojniy" nazorat-o‘tkazish punktida uchrashdi. Uchrashuvda DXX raisi Abdusalom Azizov va Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ham ishtirok etdi. Uchrashuv chog‘ida kecha ikki mamlakatning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida yuz bergan mojaro muhokama qilindi.

Tomonlar davlat chegarasining O‘zbekiston-Qirg‘iziston qismida sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanini bildirib, vaziyatni to‘g‘rilash, uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik va chegara hududlaridagi holatni yumshatish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rishga chaqirishdi.

Ikki davlatning ilgari erishilgan kelishuvlarga sodiqligi va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishga konstruktiv yondashuvi alohida qayd etilgani aytildi. Shuningdek, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov ikki tomonlama hamkorlik va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Shundan so‘ng, ikki mamlakat vakillari voqea sodir bo‘lgan joyga tashrif buyurishdi. Janjal natijasida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi uchta xonadonda yong‘in kelib chiqqan.

Zarar ko‘rgan oilalar xonadonlarini qisqa muddatda tiklab beramiz. Chashma bulog‘i bu mo‘’jiza, insonlarga Yaratgan Egam tomonidan berilgan ne’mat. Shuning uchun, bu muqaddas chashmadan ham bizning fuqarolar, ham qo‘shni Respublika fuqarolari birdek foydalanishadi", deydi Abdulla Aripov.

Kelishuvga binoan, chashma bulog‘ining atrofi panjara bilan ihotalanib, uning hududida zamonaviy dam olish maskani barpo etiladigan bo‘ldi.

So‘ngra "Chechme-Avtodorojniy" nazorat-o‘tkazish punktida ikki davlat fuqarolarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvga A. Aripov va K. Boronovlar boshchilik qilishdi. Uchrashuvda ikki xalq va millatning do‘stligi, o‘zaro hamjihatlik rishtalari asrlarga tatigulik ekanligi qayd etildi.

"Bizning do‘stligimiz ming yillardan sarchashma oladi. Bizning bozorimiz ham, mozorimiz ham bir. Bo‘lib o‘tgan voqealardan zaruriy xulosa chiqarib, do‘stligimizni mustahkamlashga albatta erishamiz" deyishdi ikki xalq namoyondalari.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov qo‘shni Respublika vakillari bilan o‘zaro muzokaralardan keyin mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda So‘x tumani aholisi Aripovga ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklar haqida gapirib, ularning yechilishida amaliy yordam ko‘rsatishni talab qilishdi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Aripov tashabbusi bilan yaqin kunlarda tumanda obodonchilik ishlari olib boshlanishi ma’lum bo‘ldi. Obodonchilik ishlariga 1 000 nafar yoshlar jalb etilishi ta’kidlandi.

Qo‘shni respublika bilan kelishilgan holda yaylovlardan foydalanish, suv muammosini hal etish, tumanda joylashgan Qayroq, Javpaya, Toyon massivlarini o‘zlashtirish va shu yo‘l bilan aholi o‘rtasida ishsizlik muammosini hal etilishiga erishish ham qayd etildi. Mahalliy aholini qiynayotgan eng asosiy masala – yo‘l muammosi ham o‘rtaga tashlandi. So‘x – Rishton yo‘li ham ikki davlat hukumatining o‘zaro kelishuviga binoan ochilishi ham ta’kidlanib ӯtildi.

So‘x tumaniga koridor ochib berish masalasi ham uchrashuv davomida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi hal etilmagan hududlar bo‘yicha ham delimitatsiya va demarkatsiya ishlari bir vaqtda amalga oshirilishi alohida aytib ӯtildi. Koronavirus pandemiyasi tufayli Farg‘onada qolgan 300 nafardan So‘xlik fuqarolarning So‘x tumaniga olib kelinishi ham uchrashuv davomida A. Aripov tomonidan ta’kidlandi. Ma’lumot o‘rnida, So‘x tumaniga turli yumushlar bilan viloyatimizning boshqa shahar va tumanlardan kelgan 110 nafar fuqarolar qolib ketishgan.

Yuzaga kelgan mojaro natijasida tuman markaziy shifoxonasida 187 nafar yaralangan bemor davolanmoqda. Bugun sanaviatsiya xizmati orqali bemorlarning 15 nafari viloyat markaziga safarbar etildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbek-qirg'iz mojarosi

Baholaganlar

350

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing