“O‘zbek” deganda, ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan insonlar tasavvur qilinardi – Prezident

Jamiyat

image

O‘tmishda paxta siyosati tufayli nafaqat ekologiya inqirozga yuz tutdi, balki bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida so‘z ochdi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida butun xalqni ulug‘ ayyom – Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

“Bundan roppa-rosa o‘ttiz ikki yil muqaddam O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. O‘tgan davrda biz qancha sinovlarni boshimizdan o‘tkazdik, ko‘plab qiyinchilik va mashaqqatlarni birgalikda yengdik.

O‘ttiz ikki yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs sifatida voyaga yetdi. Xuddi shu singari, bugungi O‘zbekiston ham, o‘tgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozitsiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllandi.

Bu – butun xalqimizning tarixiy yutug‘i. Unda har biringizning munosib hissangiz bor!”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning aytishicha, so‘nggi uch yilda yurt ozodligi yo‘lida kurashgan, nohaq ayblangan yurtdoshlarimizning 856 nafari Oliy sud tomonidan oqlangan. 

“O‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: “o‘zbek” deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik.

Paxta hukmronligi o‘zbekning peshonasiga yozilgan balo bo‘ldi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta’lim tizimini izdan chiqardi. Oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz.

Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o‘z egasini topdi. Natijada o‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta “o‘lponi”dan ozod bo‘ldi, majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. O‘zbekiston xalqaro “qora ro‘yxatlar”dan chiqarildi”, deydi Prezident.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shavkat Mirziyoev Mustaqillik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing