O‘zbek bokschilarining muvaffaqqiyatsiz ishtirokiga nima sabab bo‘ldi? So‘z Abdullayevga
Sport
−
24 yanvar 2022
78292021 yilda o‘zbek bokschilarining Olimpiada jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki AIBA’ning yangilangan tizimi va hakamlarning tushunarsiz qarorlari oqibatida sodir bo‘lgan. Bu haqda Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati g‘olibi Muhammadqodir Abdullayev aytib o‘tdi.
“AIBA’da ishlab chiqilgan yangi qoidalar bokschilarning ishtirokiga salbiy ta’sir qildi. Buni hech kim tushuna olmadi. Ikki raund bizning bokschilar yutsa, uchinchisida hisob-kitob qilib, raqibga g‘alaba berib yuborildi. Hasanboy Do‘smatov yoki Shahobiddin Zoirov tashkilotning yangi tizimi “qurboni” bo‘lishdi. Nasib bo‘lsa, Parij Olimpiadasida bokschilarimiz munosib ishtirok etishadi”, deydi Abdullayev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining 30 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanidan so‘ng.
Bundan tashqari, Muhammadqodir Abdullayev Andijondagi boks maktabi va u yerda shug‘ullanayotgan yosh charm qo‘lqop ustalari haqida gapirdi:
“Prezidentimiz har bir chempion o‘zining maktabini ochsin, deb ta’kidlaganidan so‘ng, Andijon viloyat hokimligi ham bizga bo‘sh yotgan binolardan birini berdi. U yerda boks maktabini ochdik. Hozirda sport maktabimizda 400 ga yaqin yoshlar boksning sir-asrorlarini o‘rganib kelishmoqda. Shogirdlarimiz orasida Xalqaro musobaqalar chempionlari chiqmasligi mumkin, biroq ular Vatanimizga sadoqatli insonlar bo‘lib yetishsa, bu men uchun katta yutuq bo‘ladi. Birinchi navbatda Olimpiyada chempioni bo‘lish uchun vaqt kerak, u mashaqqatli mehnat talab etadi. Kelajakda, albatta, Muhammadqodir Abdullayev maktabidan Olimpiyada chempionlari chiqishiga va’da beraman”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston boks terma jamoasi Tokio Olimpiadasida 8 nafar bokschi bilan ishtirok etib, yakunda bitta oltin medal bilan ortga qaytgan edi. Jahon chempionatida esa Marat qurbonov bosh murabbiyligidagi 13 nafar charm qo‘lqop ustalari yakunda atigi bitta kumush va bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.