O‘zbek adabiyoti og‘ir judolikka uchradi
3-sahifa
−
30 yanvar 2023
16715Bugun, 30 yanvar kuni bolalar shoiri Odil Abdurahmon 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ma’lum qildi.
Odil Abdurahmon (Odiljon Abdurahmonov) 1943 yil 22 fevralda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Ma’murobod qishlog‘ida tavallud topgan. 1962-1969 yillarda Andijon davlat pedagogika institutida tahsil olgan. U – 1978 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Harbiy xizmatni o‘tayotgan 1965-1967 yillari shoirning bolalar hayotidan hikoya qiluvchi “Quvnoq bolalar”, “Salom, quyosh” to‘plamlari chop etilgan. Shundan so‘ng tez orada Abdulla Oripov, Vosit Sa’dulla, Qudrat Hikmat, Safar Barnoyev, Narimon Orifjonov kabi taniqli ijodkorlar nazariga tushadi.
Shundan keyin uning ketma-ket “Oyga remont tusharmish”, “Quvnoq bolalar”, “O‘zbeklar yurti”, “Miltiq otilmadi”, “Azim kichik armiyasining xazinasi”, “Shamol qanday yashaydi”, “Belanchak” kabi she’riy va nasriy to‘plamlari nashrdan chiqadi.
Adibning so‘nggi yillarda kattalar uchun bir qator nasriy asarlari nashr etilgan. “Oshiqlarga o‘lim yo‘q” qissasi, “Urush va qismat”, “Sen mening qo‘shig‘imsan” romanlari shular jumlasidandir.
Odil Abdurahmon 2022 yilda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
“O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi ko‘p sonli adiblar nomidan Odil Abdurahmonning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi