“O‘zavtosanoat” “rastamojka” narxi osmondaligini tan oldi
Jamiyat
−
09 fevral 2022
14455O‘zbekistonda avtomobil importi uchun boj stavkalarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Bu haqda “O‘zavtosanoat” rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov mamlakatda ulov importi uchun boj yuqori ekanini tan olgan holda aytib o‘tgan.
Aytish joizki, iqtisodchi Yuliy Yusupovning avtomobil sanoatidagi monopoliyaning oqibatlari haqidagi maqolasida avtomobil importi uchun to‘siqlardan biri mahalliy sertifikatlashtirish ekanligini, qo‘yilgan bojxona to‘lovlaridan voz kechish kerakligini, sertifikatlash narxlari juda qimmatligi, shuningdek “UzAuto Motors” AJ iste’molchilarning manfaatlariga tajovuz qilishi haqida fikrlarni keltirib o‘tgan.
Azizbek Shukurov esa maqoladagi ushbu fikrlarga yuzasidan o‘zining Linkedin’dagi sahifasida yozgan postida iqtisodchiga bir nechta savollar bilan yuzlangan. Bular:
- Dunyoning qaysi mamlakatidagi avtomobil sanoatida sertifikatsiya talablari mavjud emas?
- Sizning-cha “sertifikatning xalqaro tan olinishi” nimani anglatadi?
- Jismoniy shaxslar tomonidan avtomobillarni olib kirishda iqlim sinovlari o‘tkazilmasligini bilasizmi?
- “O‘zavtosanoat”dagi korrupsiyalar bo‘yicha sizda faktlar bormi?
Qolaversa, Shukurov postida “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi General Motors ishlab chiqaradigan avtomobillardan pastligini ta’kidlagan.
“Masalan, Koreyada Chevrolet Spark 8 000 dollar va undan yuqori, Nexia Misrda 11 000 dollar, Cobalt Braziliyada taxminan 15 000 dollar va undan yuqori”, deb yozgan u.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda “UzAuto Motors” AJ monopoliyasi so‘nggi vaqtlarda ayniqsa keskin tanqid qilinmoqda. Bunga kompaniya iste’molchilarga avtomobillarni vaqtida yetkazib bera olmayotgani yetmagandek, endi magnitolasiz yetkazib berayotgani sabab bo‘lmoqda. Bu hali hammasi emas, “UzAuto Motors” eng ommabop modellar uchun shartnomalar tuzishni to‘xtatib qo‘ygan.
LiveBarchasi