“UzAutoMotors” va Antimonopoliya o‘rtasidagi sud qayta boshlandi. Ilk kundan qo‘mita talabi rad etildi

Jamiyat

image

Bugun, 11 dekabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudining apellyatsiya instansiyasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “UzAutoMotors” AJ o‘rtasidagi ish bo‘yicha navbatdagi ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sud majlisida avval “UzAutoMotors” AJ vakili so‘z oldi. U sudlov hay’atiga murojaat qilib, ishni ko‘rish jarayonida davlat siri va tijorat siri bilan bog‘liq masala muhokama qilinganida sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazishni so‘radi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakilining keltirilgan apellyatsiya shikoyati yuzasidan fikri tinglandi. Shikoyatda keltirilgan vajlar yuzasidan berilgan savollarga javoblari eshitildi.

Qo‘mita vakili tomonidan sudlov hay’atiga iltimosnoma kiritildi. Unda ishni ko‘rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MCHJni jalb etish hamda “UzAutoMotors” AJ tomonidan kiritilgan shikoyat arizadagi imzoni haqiqiyligini tekshirish maqsadida xatshunoslik ekspertizasi tayinlash so‘raldi.

Ammo sudlov hay’ati sudga oid xatshunoslik ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etdi. Bundan tashqari, ishni ko‘rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MCHJni jalb etish to‘g‘risidagi iltimosnoma muhokamasi “UzAutoMotors” AJ vakillari fikri tinglanganidan keyinga qoldirildi.

Keyingi sud muhokamasi joriy yilning 18 dekabr kuni soat 10:30 ga belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha oy muqaddam Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “UzAutoMotors” AJ “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzayotganligi yuzasidan ish qo‘zg‘atgan edi. Shundan so‘ng, maxsus komissiya kompaniya avtomobillar narxlarini asossiz oshirganini tasdiqladi.

Shundan so‘ng, kompaniya maxsus komissiya qarori ustidan sudga shikoyat qildi. Sudda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yutqazdi. Keyinroq esa tashkilot sud qarori ustida apellyatsiya shikoyati kiritgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

“UzAutoMotors” Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mita

Baholaganlar

607

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing