“UzAutoMotors” Rasul Kusherboyevning avtomobillar boji bo‘yicha taklifiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Kecha, 16 oktyabr kuni “UzAutoMotors” AJ Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning boj masalasida ish olib borayotgani haqidagi fikriga rasmiy munosabat bildirdi. 

Kompaniya avvalo “UzAutoMotors” va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasidagi sud atrofida ro‘y berayotgan ommaviy bahs-munozaraning konstruktiv o‘zanga tushishiga umid bildirgan. Bundan tashqari, Kusherboyev sud jarayoniga aralashish va reyting to‘plash hamda jamoatchilik kayfiyatini sun’iy ravishda buzishga urinishda ayblangan.

“UzAutoMotors” AJ yuridik boshqaruvi rahbari Rustam Shaymardonov ish yuzasidan bayonot berdi.

“Bugun MQKQ maxsus komissiyasining qarorini bekor deb tan olish to‘g‘risidagi kompaniyamiz da’vosi bo‘yicha sudning uchinchi majlisi o‘tkazildi. Tinglovlar javobgarning argumentlari zaif ekanligini tasdiqladi va bu kutilgan holat edi. Biz uchun kutilmagan hol esa, jarayonga, ko‘rinishidan reyting to‘plash va jamoatchilik kayfiyatini sun’iy ravishda buzishga urinayotgan partiya faollarining navbatdagi ommaviy aralashuvi bo‘ldi.

Deputat Kusherboyev “UzAutoMotors”ga qarshi kurashidan maqsad avtomobillar importiga qo‘yilgan bojxona to‘lovlarini pasaytirish ekanligini e’lon qildi. Ehtimol, bu hurmatli Rasul Xidiraliyevichni hayron qoldirar, lekin bojxona to‘lovlari stavkasini aslo bizning kompaniyamiz belgilamaydi. Aksincha – 2018 yilda yangilangan kompaniya rahbariyati o‘tgan muddat davomida korxonaning bu omilga bog‘liqligini bartaraf etish uchun qo‘ldan kelgan barcha choralarni ko‘rdi”, degan huquqshunos Rustam Shaymardonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yildan ziyodroq vaqt davomida turli xil imtiyozlar, preferensiyalardan voz kechish, shuningdek ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shaymardonovning qayd etishicha, 2017-2018 yllarda 4,8 trln so‘m zarar ko‘rgani holda 2019 yilda “UzAutoMotors”ning sof foydasi 2,6 trillion so‘mga yetgan. 

“Biroq, deputat Kusherboyev va uning ayrim hamkasblari, yaqqol faktlarni inkor qilib, zavodga davlat tomonidan berilayotgan afsonaviy subsidiyalar haqida ta’kidlaydilar. Voqelik butkul o‘zgacha: “UzAutoMotors” g‘aznaga trillionlab soliq-u dividendlar to‘laydi, respublikadagi eng yirik soliq to‘lovchilaridan biri sanaladi. Hatto karantin davrida, ko‘plab tashkilotlar davlatdan yordam so‘ragan bir paytda, biz byudjetdan bir tiyin ham olmadik, shuningdek har bir ishchi o‘rnini saqlab qoldik. Nima bo‘lganda ham, bojxona bojlari stavkasi – bu kompaniyamiz jamoasining emas, balki parlament a’zolarining ishlaridir, shu sababli deputatning alangali da’volari avvalo o‘zlariga qaratilishi lozim.

Keyin Rasul Xidiraliyevich kompaniyamiz “har qanday ishga ta’sir ko‘rsatish uchun yetarlicha kuchli” deya e’lon qildi. Agar gap bizda dalillar bazasi kuchliligi va yuridik mavqeimiz ham puxtaroq ekanligi haqida bo‘lsa, biz buni kutilmagan, lekin yoqimli maqtov o‘laroq qabul qilamiz. Ammo deputat o‘z so‘zlariga o‘zgacha, lobbizm va sud jarayonlari ishtirokchilari o‘rtasidagi noqonuniy munosabatlarga daxldor ma’no berayotgan bo‘lsa, men u insonga fikrlarini aniqroq ifodalashni tavsiya qilardim, toki har bir so‘ziga huquqiy jihatdan qat’iy baho berish imkoni bo‘lsin.

Yana aytilganki, “kompaniya asossiz ravishda narxlarni oshirgan”. Vaholanki, hozirgi ommaviy munozara jarayoni butunligicha ushbu da’voning bahsli ekanligi atrofida qurilmaganmi? Hurmatli sud uni tasdiqlash yoki rad etishga intilmayaptimi? Shunday ekan, sud qarori chiqquniga qadar o‘z tasavvurlarini haqiqat deya taqdim etish qanchalik to‘g‘ri? Boz ustiga, kimlardir buni oliy qonunchilik hokimiyati vakilining sud hokimiyatiga bosim o‘tkazishga urinishi deb tushunishi mumkin”, deya ta’kidlaydi huquqshunos Rustam Shaymardonov.

Yurist deputat “UzAutoMotors”ga qarshi kurashda to‘xtash niyatida emasligini ta’kidlab o‘tgan.

Ma’lumot uchun, avvalroq, OAVda Rasul Kusherboyev xorijiy avtomobillarga boj stavkasini pasaytirish ustida ish olib borayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Shu o‘rinda, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan “UzAutoMotors” va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasida avtomobillar narxi borasida ochilgan ish bo‘yicha sud eshituvlari yopiq o‘tkaziladigan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev UzAutoMotors

Baholaganlar

1335

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing