UzautoMotors`ning narx siyosatida qonunbuzilish alomatlari aniqlandi
Jamiyat
−
05 avgust 2020
29865Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzautoMotors AJga nisbatan tekshiruv o‘tkazgani, natijada bo‘yicha jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida” Qonunining tegishli moddasi talablari buzilishi alomatlari aniqlanib, UzautoMotors AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan UzautoMotors AJda O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan, ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida qo‘zg‘atilgan ish UzautoMotors AJ vakillari ishtirokida videokonferens rejimida ko‘rib chiqildi. Bu haqda deputat rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Tekshirish jarayonida quyidagi qonunbuzilish alomatlari aniqlangan.
Xususan, UzautoMotors AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning amaldagi narxlarini shakllantirishda ayrim xarajatlarni oshirib kiritganligi sababli monopol yuqori narx qo‘llanilishi alomatlari aniqlangan. Bunda:
Birinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda normalanadigan xarajatlarni, ya’ni butlovchi qism va materiallar narxini oshirib kiritish;
Ikkinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda o‘tgan yilning 9-oylik hisobot ko‘rsatkichlari inobatga olish oqibatida normalanmaydigan xarajatlarning oshishi;
Uchinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda reklama xarajati va boshqa xarajatlar asossiz kiritilishining narxga ta’siri;
To‘rtinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda kreditga bog‘liq xarajatlarning noto‘g‘ri kiritilishi kabi omillar narx yuqori shakllanishiga sabab bo‘lgan.
Deputatninig qo‘shimcha qilishicha, kompaniya avtomobillar sotishda ayrim dilerlarga boshqalarga ko‘ra ko‘proq imkoniyat bergan.
“Yengil avtomobillarni iste’molchilarga realizatsiya qilishda ayrim dilerlarga boshqalariga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyoz va yengilliklarni berish, yangi tashkil etilayotgan dilerlar bilan shartnoma tuzishda shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni qo‘yish kabi holatlarni sodir etish alomatlari aniqlangan. Bu qisqa muddatda sotilgan avtomobillarning aksariyat qismi kam sonli ayrim dilerlar orqali sotilishiga sabab bo‘lgan. (Shu yeri juda shubhali harakat)”, deydi Kusherboyev.
Shuningdek, UzAutoMotors AJ yangi tashkil etilayotgan dilerlik markazlari bilan tuziladigan dilerlik shartnomasiga 10 mlrd so‘m miqdorida oldindan to‘lov o‘tkazish shartini kiritgan bo‘lib, biroq shu kunga qadar amalda ishlab turgan dilerlik markazlari bilan tuzilgan shartnomalarda bunday shartlar mavjud emas. Bu o‘z o‘rnida yangi ishtirokchilarning “bozor”ga kirib kelishida sun’iy to‘siq paydo qilgan.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli to‘lov asosida sotishni UzAutoMotors AJ o‘zi ta’sischiligidagi “Autosanoat Invest” MCHJ orqali amalga oshirish tizimini shakllantirgan. Bunda boshqa dilerlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu ishni amalga oshira olmay, sun’iy to‘siq qo‘yilgan.
“Bu holatlar atroflicha muhokama etildi. Va kutilganidek, “UZAUTO MOTORS” AJ bu vajlarni tan olmay qo‘shimcha hujjatlar bilan tanishib chiqib, ish mazmuniga ta’luqli materiallarni taqdim etishini bildirib o‘tdi. Shu sababli ishni ko‘rishni yaqin kunlarda davom ettirishga qaror qilindi.
Muhokamada Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish bo‘yicha maxsus komissiyasi qaror qabul qilganidan so‘ng natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Shu sababli qo‘mita tekshiruvida aniqlagan raqamlar va ularning tahlili haqida komissiya qaroridan so‘ng batafsil to‘xtalib o‘tamiz”, deya so‘zini yakunlagan deputat.
Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga UzautoMotors AJning qonunga rioya qilayotgani yuzasidan ma’lumot berishi talab qilib so‘rov kiritgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi