“UzautoMotors” ishchilari ish tashlayapti. “O‘zavtosanoat” AJ holatga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
06 mart 2021
49910Ijtimoiy tarmoqlarda “UzautoMotors” AJning Asakadagi avtomobil zavodi ishchilari ish tashlash uyushtirayotgani aks etgan video tarqaldi. Unda ishchilar maoshi pasayib ketgani uchun norozilik bildirgan.
“Oyliklar tushib ketgan. Qiynalyapmiz 4-5 oydan beri. “Ana bo‘ladi, mana bo‘ladi, ertaga, indinga”, deyapti. Qachongacha?”, deydi ishchilardan biri.
“20 ming (so‘m – tahr.) ham oylik to‘laydimi? Bitta men ishlasam oilada. Qanday boqaman, o‘ylanglarchi? O‘zi oklad 2 mlndan oshiq bo‘lsa, 20 ming ham oylik chiqaradimi? Qaysi noinsof buni o‘ylayapti? Bir oy ishlaganman, Xorazmga qatnaganman. (Oyligi – tahr.) 450 so‘m chiqqanlar ham bor. 1000 so‘m ham emas. 20 ming “obed”ga ham yetmaydi”, deydi boshqa bir ishchi.
Yana bir ishchi, 1 yilu 3 oydan beri kompaniyada noto‘g‘ri hisob-kitob ketayotganini aytgan. Ishchilarga esa noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan vaqtdagi yo‘qotishlarni maoshidan to‘lash yuklatilgan.
“Taksirovshiklarning aytishicha, 1 yilu 3 oydan beri noto‘g‘ri hisob-kitob ketayotgan ekan. 5 oydan beri uning sababi topilgan, endi oylikingizdan to‘laysizlar deyapti. Bu bizning aybimiz emas-ku, ularning aybi. Kompyuterda dasturlashda noto‘g‘ri hisoblangan ekan. Bu narsaga 1 yilu 3 oy bo‘libdi, endi topishibdi buni”, deydi ishchi.
Unga ko‘ra, 2018 yilgacha yaxshi ishlashgan. 2018 yilda Toshkentdan rahbarlar keldi, shundan keyin parokandalik, tushunmovchiliklar davom etyapti.
Mazkur holat yuzasidan "O‘zavtosanaot" AJ rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, “UzAutomotors” AJ transport tashuvlari boshqarmasi haydovchilari D.Rahmonov, J.Sultonov va boshqalarning oylik ish haqi to‘lanishi hamda ushlanmalardan norozi bo‘lib qilgan videomurojaati o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, “UzAutomotors” AJ kompaniyasida ayni vaqtda ish haqidan qarzdorlik mavjud emas. Joriy yilning fevral oyi uchun ish haqi o‘tgan oyning 20 sanasida avans tariqasida, mart oyining 5 sanasida to‘liq to‘lab berilgan. Xodimning ish haqidan uning yozma arizasiga asosan kredit to‘lovlari hamda sud qaroriga asosan majburiy undiruv amalga oshirilgan.
"Ushbu murojaat yuzasidan shu kunning o‘zida kompaniya mas’ul vakillari hamda Andijon viloyati hokimligi, viloyat bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi xodimlari ishtirokida haydovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, unda “UzAutomotors” AJ tomonidan ish haqini to‘liq hisoblab to‘lab berilganligi, kompaniya tomonidan biror-bir asossiz ushlanmalar amalga oshirilmaganligi, shuningdek ishchi-xodimlarga yaratilgan ijtimoiy himoya paketi ya’ni, transportda ishga kelib-ketishi, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanishi, ovqatlanishi, tibbiy ko‘riklari uchun to‘lovlar kompaniya hisobidan amalga oshirilayotganligi tushuntirib berilgan", deyiladi kompaniya bayonotida.
LiveBarchasi