“UZAUTOMOTORS”ning taqdiri hal bo‘lyapti. Ishni ko‘rib chiqishda jamiyatdan vakil qatnashmayotgani aytilmoqda
Jamiyat
−
19 avgust 2020
13941Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga “UZAUTOMOTORS” AJning qonunga rioya qilayotgani yuzasidan ma’lumot berishi talab qilib so‘rov kiritgani, qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida” Qonunining tegishli moddasi talablari buzilishi alomatlari aniqlanib, “UZAUTOMOTORS” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 19 avgust kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi ko‘rib chiqishi belgilangan edi. Biroq, “UZAUTOMOTORS” vakillari turli vajlar bilan jarayonda qatnashmagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qilmoqda.
“Qiziq holat. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi bugun ko‘rib chiqilishi kerak edi.
O‘tgan safar “UZAUTOMOTORS” AJning iltimosiga ko‘ra ishni ko‘rib chiqishda tanaffus e’lon qilingandi. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, “UZAUTOMOTORS” AJ vakillari bugun ishni ko‘rishda qatnasholmas ekan...”, deb yozadi Kusherboyev.
“UZAUTOMOTORS” AJning mansabdorlarining jarayonda qatnasha olmayotganiga qaramay, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi komissiyasi a’zolari tanaffus davomida ham “UZAUTOMOTORS” AJ vakillarining vajlarini yetarli darajada eshitib, o‘rganib chiqishganlarini inobatga olib, ishni ularning ishtirokisiz ham ko‘rib chiqish mumkin degan qarorga kelishgan.
Ma’lumot uchun “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan avtomobillar tannarxi va narx qo‘llanishi asosliligi bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan vakolat doirasida tekshiruv o‘tkazilgan edi.
“UZAUTOMOTORS” AJning o‘zi uchun muhim bo‘lgan ishni ko‘rib chiqishda birorta vakili ham qatnashmayotganligi juda g‘alati...”, deb yozadi Kusherboyev.
LiveBarchasi