“UzAuto Motors” yangi avtomobilga navbat sotayotganlarga qarshi qanday kurashishini e’lon qildi
Jamiyat
−
27 iyul 2021
18779“UzAuto Motors” kompaniyasi yangi avtomobillarni sotish va sotib olishning barcha noqonuniy yo‘llarini oldini olish uchun savdo ma’lumotlar bazasini Davlat yo‘l harakati xavfsizlik xizmati inspeksiyasining yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirish tashabbusi bilan chiqdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi ko‘magidagi hamkorlikni o‘zida aks ettirgan ushbu loyiha noqonuniy boyish tizimi paydo bo‘lishining oldini oladi va avtomobilni olishda navbatni berishning imkonsizligini ta’minlaydi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, barcha mamlakatlardagi avtomobil sanoati yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir davrlarni boshdan kechirmoqda. Shu sababdan yangi avtomobillarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Mazkur yetishmovchilik sabab avtomobillarni sotish hamda sotib olishning noqonuniy yo‘llari kelib chiqdi.
“Shaffof savdo tizimining mavjudligi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha turli xil chora-tadbirlarga qaramay, ba’zi bir shaxslar o‘z daromadini chiqarib olish hamda tizimni chetlab o‘tishning yangi metodlarini topishadi.
Yaqinda sotuv tizimi yordamida bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20 va hattoki, 200 ta kelishuv shartnomalarining tuzilganlik holatlari aniqlangan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu shaxslar yuzaga kelgan holatni o‘z biznesiga aylantirib, qo‘yilgan navbatini kutishni xohlamaydigan shaxslarga o‘z navbatini imtiyozli berish maqsadida shartnomalar tuzishadi”, deyiladi xabarda.
Yuzaga kelgan vaziyat mijozlarning noroziligiga olib kelgan. Ammo, “UzAuto Motors” hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mijozlarning shaxsiy murojaatlari va shikoyatlarisiz na tezkor chora-tadbirlar ko‘rish, na jinoiy ish bo‘yicha tergov olib borish huquqiga ega emas.
Shu bilan birga, joriy yilda kompaniyaning ishonch telefon raqamlari va Call-markaz xizmatiga “shapka”ga oid birorta ham shikoyat kelib tushmagani qo‘shimcha qilingan. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga ham bunday murojaat bo‘lmagan.
LiveBarchasi