“UzAuto Motors” yakkahokimligi: Kompaniya qachongacha boshqalar pand yegan yo‘ldan yuradi?

Tahlil

image

“UzAuto Motors” AK tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi Damas, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti kabi avtomobillar narxi oshgani aholi orasida keskin tanqidlar bilan qabul qilindi. Xorijda bitta kompaniya o‘zi ishlab chiqaruvchi tovarlar narxini oshirsa, bunchalik norozilikka sabab bo‘lmaydi. Xo‘sh, nega bizda aholi bu yangilikni murosasiz qabul qildi?

“IMI-JIMIDA” – OMMABOP AVTOMOBILLAR QIMMATLASHISHI 

Kompaniya mahsulotlari ichida aynan yuqoridagi, daromadi jihatidan o‘rta qatlam sotib olishga imkoni yetadigan avtomobillarning narxi oshishi malomatlarga sabab bo‘ldi. Malibu 2, Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe nomli xalq uchun qimmat sanalgan avtomobillar qolib, aynan Damas, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti qimmatlashishi oddiy xalqni o‘ylab chiqarilmagan qaror sifatida qabul qilindi. 

Narxlarning oshishi kompaniyaning rasmiy bayonoti bilan ro‘y bermadi. Aksincha, “UzAuto Motors” saytida qimtinibgina prayslist e’lon qilindi. Bunday holatga deputat Qodir Jo‘rayev shunday deya tanqid qildi:

“Bu nima degan gap? Na qaror bor, na tegishli hujjat bor? Nimadandir qo‘rqqandek, ilib qo‘yilyapti saytga. Oldinlari tashkilotlar tushuntirishlar bergan. Yaponiyadagi bitta muzqaymoq ishlab chiqaradigan kompaniya 25 yil bitta narxni ushlab turgan ekan. Oxiri 9 sentga oshirgani bo‘lsa ham, butun yapon xalqidan jamoasi kechirim so‘radi. Bular esa jadvalni ilib qo‘yyapti”.

Kecha, 12 mart kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Fraksiyasi va “UZAVTOSANOAT” vakillari o‘rtasida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda deputatlar tomonidan berilgan aniq savollarga kompaniya vakillari umumiy, noto‘liq javoblar bilan cheklanishdi. 

Kompaniya tomonidan keltirilayotgan izohlar bir-biriga zid kelgan hollar ham kuzatildi. Ularning tushunarsiz izohlaridan narxlarning o‘sishi avtomobil ehtiyot qismlarining oshishi yoki yangi tartibga binoan QQS solinishi bilan bog‘liqligini tushunish mumkin. Bunga bir holat bilan izoh berish mumkin: kompaniya sog‘lom raqobat olib bormay, har bir jabhada shaffoflikka zid harakatlar olib bormoqda. Na tannarxni bilamiz, na ehtiyot qismlar narxini, na transfer xarajatlarini...

Avtomobilsozlikdagi yuqori safda turuvchi Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning oddiy ishchiga beradigan oylik maoshi va “UzAuto Motors”dagi maosh o‘rtasida yer bilan osmon qadar farq bor. Ishchilarning oyligi past bo‘lganidan keyin, avtomobillarning narxlari ham shunga yarasha bo‘lishi kerak emasmi?  Vaholanki, o‘zimizniki deb bong urilayotgan Tracker Premier modelining narxi 20 ming dollari bo‘lsa, tashqi bozorlarda shu sinfdagi Hyundai Creta modelining narxi 15 ming dollarni, Nissan Terrano modelining narxi 15,5 ming dollarni tashkil etmoqda. 

SABABCHI PROTEKSIONISTLAR

Singapur dohiysi Li Kuan Yuning bir gapi bor:

“Erkin savdoni cheklash, proteksionizm iqtisodiyotga, global rivojlanishga zarar keltiradi”.

Proteksionizm o‘zi nima? Proteksionizm (frans. protectionnisme, ptotectio - himoya), milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat iqtisodiy siyosati. Bu siyosat o‘zida savdo barerlarini qo‘yish, ichki bozorni tashqi bozordan chegaralash, mahalliy mahsulot bilan xorijdan kelgan mahsulotlar o‘rtasida raqobatni kamaytirish yoki yo‘qotish kabi usullarni mujassam qiladi.      

Yuqorida deputat Qodir Jo‘rayevning fikrini keltirdik. Deputatning aytishicha, Yaponiyada bir kompaniya 25 yildan so‘ng mahsulot narxini 9 sentga oshirgani uchun xaridorlar oldida uzr so‘ramoqda. Nega narxlarni yuqori darajaga olib chiqqan kompaniya hattoki tukini qimirlatib qo‘ymaydi? Sababi bu kompaniya Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bergan ma’lumotiga binoan, o‘z faoliyatida iste’molchi huquqlarini kamsitish holatlariga yo‘l qo‘yib kelgan. Bundan tushunish mumkinki, bu kompaniya qilgan ishi uchun uzr so‘rashini kutish noto‘g‘ri. Chunki, proteksionizm siyosatida monopol mavqega ega kompaniyaning aytgani – aytgan, degani – degan.

MURAKKAB BOJXONA HISOB-KITOBI

Proteksionizm siyosati bo‘yicha siz monopol mavqedagi kompaniyadan mahsulot sotib olishdan voz kechsangiz nima bo‘ladi? Aytaylik, xorij avtomobilini sotib olmoqchisiz. Uni erkin sotib olish imkoniyati mavjudmi? Bozor iqtisodiyotida raqobat muhiti, tanlov doim bo‘lishi kerak-ku. Lekin hammasi shunchaki oson emas. Quyida bir xorij avtomobilini olib kirishdagi murakkabliklar va “tog‘dan baland” narxlar haqida misolni ko‘rishingiz mumkin: 

Hyundai Porter – bojxona qiymati 11316,67 AQSH dollari. Ushbu miqdorga qarab qolgan to‘lovlar hisoblanadi:

•    22, 63 dollar bojxona yig‘imi – bojxona qiymatining 0,2 foizi;
•    6391,4 dollar boj – bojxona qiymatining 30 foizi va 1,2 dollar kub/metr;
•    15 412, 67 dollar aksiz – bojxona qiymatining 70 foizi va 3 dollar kub/metr qilib belgilangan. Ushbu miqdorlarni jamlaganda 21 826, 7 dollar kelib chiqdi. Bu kichik raqam emas. 

Endi kelib chiqqan summadan qo‘shilgan qiymat solig‘iga kelsak: bu ham qiziq jarayon. Xorijdan olib kirilayotgan ushbu avtomobilga QQS 15 foiz qilib solingan. U ham qanday hisoblanadi? Shundayligicha avtomobil bojxona qiymati (11316,67 dollar)ga emas, yuqoridagi to‘lovlar bilan shakllangan summaga nisbatan hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, 11 316,67 dollar va 21 826,7 dollar qo‘shilgan summaning, ya’ni 33 120,74 dollarning ustiga 15 foiz QQS yuk bo‘lib o‘tiradi. Bu esa 4 968,11 dollardir. 11 316,67 dollar qayoqda-ku, 33 120,74 dollar qayoqda? 

Hammasi bo‘lib 26 797,18 dollar, ya’ni 255 011 889 so‘m degani (2019 yil 27 dekabr holatiga ko‘ra). Birgina 11 316,67 dollar deya baholanuvchi Hyundai Porter O‘zbekistonga kiradigan bo‘lsa, buning uchun 255 011 889 so‘m to‘lov qilishingiz lozim. Lekin ushbu markali mashinangizda konditsioner bo‘lsa, baxtingiz. Bu summa 16 391 952 so‘mga aylanishi mumkin. 

Keling, aynan bu markadagi avtomobilni boshqa davlatlarga olib kirish qandayligini va qanchaga tushishini taqqoslasak. Bu avtomobilni Armanistonga olib kirmoqchi bo‘lsangiz, 10 foiz boj (1 131 dollar), 20 foiz QQS (2 489 dollar) va 10 foiz (1 131 dollar) atrof-muhit uchun soliq to‘laysiz. Jami 4 753 dollarni to‘laysiz, xolos. 

Tojikistonda bu markali avtomobilga boj solinishi soddaroq tartibga olingan. Bunday murakkab jarayon shart emas. Avtomobilga 1700 dollargacha to‘lov qilinadi va mamlakat ichiga haydab kirish mumkin. 


 
BALOGA QOLGAN QQS

“UZAVTOSANOAT” AK Savdoni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Mirsamukov yangi soliq tartibi narxga ta’sir qilgani haqida shunday deya izoh berdi: 

“QQS bu tannarxga emas, umuman mahsulotga yotqiziladigan soliqdir. Bularni to‘laganda ham narxni oshirmaslikka harakat qildik. Lekin, 15 foiz juda katta og‘irlikdir”. So‘zining so‘ngida mas’ul shaxs “Qilingan ishlarni ko‘rib, jamoaga tanqid emas taklif berilsa, bizga dalda bo‘lardi”. 

Agar 15 foiz QQS narx oshishiga sabab bo‘lsa, nega barcha avtomobillar narxi 15 foizga oshmagan? Nega Damas va Spark narxlari 21 foizgacha ko‘tarilgan? 

Lekin tan olish kerakki, yangi QQS tartibi xalqqa ikki karra soliq solishdir. Bir tarafdan aholi proteksionizm sabab qimmat narxga asoslangan mashinalarni sotib olishga majbur. Hyundai Creta’ni 15 ming AQSH dollariga sotib olmay, shu sinfdagi Tracker Premie’ ni 20 mingga xarid qiladi. Buning ustiga 15 foiz QQS ham to‘laydi. Bu tartibni tashqaridan kelgan dushman emas, o‘zimizning mulozimlar joriy qildi.

“MILLIY BREND – MILLIY G‘URUR”

Kompaniya vakillari, ko‘plab mulozimlar orasida bir gap doim tarqalgan – milliy brend – milliy g‘ururdir. Aslida ham shundaymi? Yoki bu raqobat qonunlariga zid harakat qilgan monopol kompaniyaning odamlarning ko‘ziga pushti ko‘zoynak taqqan shiorimi?

Shevrolet’ni o‘zbek yaratmagan bo‘lsa, Malibu va Tracker avtomobillari bizda faqatgina terilsa, bularning nimasi milliy brend? Apple kompaniyasining Xitoyda sho‘ba zavodi mavjud. Asosiy mahsulotlar shu yerda ishlab chiqariladi. Lekin biror joyda bu Xitoyning milliy mahsuloti degan gapni uchratmaysiz. 

XORIJIY TAJRIBA 

Turkiya

XX asrning 50-60 yillarida Turkiyada avtomobil ishlab chiqarish boshlandi. Avtomobil importidan himoyalangan holda Ford, Renault va Fiat kabi yirik avtomobil kompaniyalarining korxonalari avtomobil chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Lekin bularni Turkiya hech qachon milliy brend sifatida tan olmadi. 

1980 yillarda mazkur sektor liberallashtirish bosqichini boshidan kechirdi. 1990 yillarda xorijdan avtomobil olib kirilishi boshlandi. 

1990 yillar ikkinchi yarmida fuqarolarning xarid qobiliyati oshishi natijasida avtomobillarni eksport qilish boshlanadi. 2000 yillarda 8,4 mlrd dollarga teng avtomobil ishlab chiqariladi. 2002 yillarda 26 ming odam avtomobil kompaniyalarida yig‘ish ishlari bilan band bo‘lgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hisoblaganda ishchilar 150 ming nafargacha yetgan. O‘sha yili 3,7 mlrd. dollarlik eksport amalga oshirilgan. Mashina terish ishlarida 2010 yilga kelib 265 ming kishi mehnat qilgan. 

2021 yilda Turkiya ilk bor milliy avtomobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. O‘tgan yil oxirida Prezident Erdo‘g‘an boshchiligida yangi ilk avtomobillar taqdimoti o‘tkazildi.  TOGG nomini olgan avtomobillar bilan qadamni kattaroq tashladi. Ular an’anaviy yoqilg‘i bilan harakatlanuvchi avtomobillar o‘rniga elektromobil ishlab chiqarilishini e’lon qildi. 2030 yilgacha sedan, xetchbek, S va V segmentdagi mashinalar ishla chiqish rejaga kiritilgan.

Rossiya 

XX asr 90 yillarida Rossiya aholisining xarid qobiliyati yuqori bo‘lmagani bois, Rossiya avtosanoati asosan chet el avtomobillarini ichki bozorga kirishini bojxona tariflari bilan cheklab qo‘ydi. Biroq, 2000 yillarning boshida aholi daromadining o‘sishi 2002 yilda yarim milliondan oshiq avtoulov import qilinishiga olib keldi. 2002 yil iyul oyida Rossiya hukumati avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqdi. O‘sha yilning oktyabrida 7 yoshdan oshgan xorijiy avtomobillarning mamlakatga kirishi taqiqlashni nazarda tutuvchi bojxona tariflari joriy qilindi.

2001 yilda Rossiya Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida yangi avtomobillarga import bojlarini 30 foizdan 25 foizga tushirdi. 2019 yilga kelib ular 15 foizga tushirilishi kerak edi.  Muammoning yechimi utilizatsiya to‘lovini joriy etish bo‘lib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlarni yaratish shu yo‘l bilan amalga oshirilardi.

Bundan tashqari, Rossiyaning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishining shartlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarga beriladigan imtiyozlarga zid edi.  Rossiya 2020 yilga qadar alohida ishlab chiqaruvchilarga butlovchi qismlarga bojxona to‘lovlaridan ozod qilishni bekor qilishga va’da berdi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, narxlar oshishi bilan bog‘liq muammo bir safarlik masala emas. Bu tizimli tarzda hal etilishi kerak. Avvalo, ko‘plab davlatlar foydalangan va o‘z vaqtida pand yegan proteksionizm siyosatidan voz kechish lozim. Shuningdek, tashqi savdo munosabatlarini jonlantirish va tartibga keltirishga xizmat qiluvchi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlarini tezlashtirish yaqin istiqboldagi rejaga kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 


Maqola muallifi

Teglar

UzAuto Motors UZAVTOSANOAT

Baholaganlar

245

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing