UzAuto Motors bir kishiga 10 ta avtomobil sotdimi? Kompaniya izoh berdi
Jamiyat
−
07 noyabr 2023
36594Ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet avtomobillari uchun shartnoma tuzish bilan bog‘liq bir nechta tasdiqlanmagan materiallar keng tarqaldi. Mazkur holatlar yuzasidan UzAuto Motors rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, tarmoqlarda birgina D.K. ismli xaridor tomonidan kamida 10 dona avtomobilga shartnoma tuzilgani aks etgan surat sizdirilgan. Rasmiy munosabatda aytilishicha, joriy yilning 3 noyabr sanasida ushbu suratda ismi keltirilgan fuqaro bilan Chevrolet avtomobilini sotib olish bo‘yicha hech qanday shartnoma tuzilmagan.
3 noyabr kuni shartnomalar Chevrolet Lacetti’ning faqat L-Stile AT Plus modeli uchun mavjud bo‘lgan. Ammo rasmda bir vaqtning o‘zida Lacetti avtomobilining kamida 4 ta komplektatsiyasi, mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan modelini ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, avvalroq ham, ya’ni, 28-30 oktyabr kunlari bir qator Telegram-kanallarda 30 oktyabrdan boshlab ommabop avtomobillar sotuvi boshlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Oqibatda aholi Chevrolet dilerlik markazlarida shartnoma ochilmasdan avval sababsiz to‘plangan.
Shu jumladan, ayni kunlarda aholi o‘rtasida avtomobil shartnomalarini tuzish bilan bog‘liq shov-shuvlarni ko‘tarishga urinish holatlari ham kuzatilmoqda. Bunga misol tariqasida, go‘yoki dilerlik markazi xodimlari yopiq eshiklar ortidan avtomobil sotib olish bo‘yicha 50 ta shartnoma tuzganligi aks etgan videotasvirlarning keng tarqalganini ham keltirish mumkin.
“Ushbu video bo‘yicha shuni aytmoqchimizki, Chevrolet avtosalonlari bilan bog‘liq mazkur hodisa bir necha muddat avval sodir etilgan bo‘lib, joriy yilning noyabr oyida ommabop avtomobillar uchun ochilgan shartnomalarga aloqasi yo‘q. Buni video tasvirlardagi aholining hozirgi mavsumga mos kiyimda emasliklaridan bilish mumkin. UzAuto Motors bunday holatlarga juda jiddiy yondashadi hamda kompaniyaga ushbu hodisa to‘g‘risidagi ma’lumot kelib tushishi bilanoq, ushbu dilerlik markazida shartnoma tuzish tizimi darhol uzilgan. Bundan tashqari, ushbu salon rahbariyatiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi”, deyiladi kompaniyaning rasmiy munosabatida.
Shuningdek, munosabatda xaridorlardan Chevrolet avtomobillari uchun kontraktatsiya boshlangani haqidagi ma’lumotlarni olishda faqat rasmiy manbalarga tayanish kerakligini, dilerlik markazlarida qonunga zid holatlarga uchraganlar darhol kompaniyaning rasmiy aloqa kanallari bilan bog‘lanishi so‘ralgan.